Toni Bler G‘azodagi muvaqqat hukumatga rahbarlik qilmoqchi – OAV
Olam
−
29 Sentabr 2025 5054 2 daqiqa
Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler G‘azoda xalqaro o‘tish davri hukumatiga rahbarlik qilishni istamoqda. Bu haqda “The Economist” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush boshlangandan beri ko‘plab davlatlar va tashkilotlar G‘aza sektorining kelajagi bo‘yicha turli rejalar taklif qilgan. Toni Bler esa urushdan keyingi davrda anklavni qayta tashkil etishga eng ko‘p qiziqayotgan siyosatchilardan biri sifatida tilga olinmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Britaniyaning sobiq bosh vaziri 2023 yil 7 oktyabrdan buyon bir necha bor Quddusga tashrif buyurgan va o‘zining Londondagi fondiga G‘azo uchun urushdan keyingi mandat rejasini ishlab chiqishni topshirgan. Bir nechta manbalarning bildirishicha, Bler G‘azo xalqaro o‘tish davri hukumatini (GITA) boshqarishi mumkin. Bu tuzilma BMTdan besh yil davomida “eng yuqori siyosiy va huquqiy organ” sifatida faoliyat yuritish vakolatini olishga intiladi.
Agar Bler nomzodi ma’qullansa, uning ixtiyorida 25 kishidan iborat apparat bo‘ladi hamda u sektorni boshqaradigan ijro etuvchi organ ustidan nazorat olib boruvchi yetti kishilik kuzatuv kengashiga rahbarlik qiladi. Moliyalashtirish Fors ko‘rfazi davlatlari zimmasiga yuklatilishi kutilmoqda.
GITA vaqtinchalik xalqaro boshqaruv tuzilmalarining Sharqiy Timor va Kosovodagi tajribasi asosida tashkil qilinadi. Dastlab u G‘azo chegarasidagi Misrning Shimoliy Sinay viloyatida joylashadi, keyinchalik esa xalqaro kontingent yordami bilan bevosita G‘azoga ko‘chiriladi. Rejaga ko‘ra, falastinliklarga anklavni tark etish taqiqlanadi, G‘azo va G‘arbiy Sohil birlashtiriladi hamda asta-sekinlik bilan sektor Falastin ma’muriyati nazoratiga o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, Ser Entoni Charlz Linton Bler – britaniyalik siyosat va davlat arbobi, Buyuk Britaniya Leyboristlar partiyasining sobiq yetakchisi. 1997 yildan 2007 yilgacha Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimida ishlagan.
Qayd etish joiz, joriy yilning avgust oyi oxirida AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda G‘azodagi urush va urushdan keyingi rejalar yuzasidan siyosiy yig‘ilishga raislik qilgandi. Yig‘ilishda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler va Trampning kuyovi, Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq vakili Jared Kushner ham ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati G‘azo bo‘yicha 21 banddan iborat tinchlik rejasini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi. Unda G‘azoni vaqtinchalik muvaqqat hukumatidagi falastinlik texnokratlar boshqarishi, ular AQSH boshchiligidagi xalqaro organ nazoratida bo‘lishi hamda arab va yevropalik hamkorlar ishtirok etishi nazarda tutilgan.
Live
Barchasi