Oq uyda G‘azo taqdiri muhokama qilindi: Trampga kuyovi va Toni Bler nega kerak bo‘lib qoldi?

Tahlil

image

Iroq urushiga mamlakatini boshlab kirgan va o‘n yildan ortiq davomida Yaqin Sharqda elchi sifatida faoliyat yuritgan, ammo ko‘pincha tanqidlarga uchragan Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler 27 avgust kuni G‘azo kelajagiga bag‘ishlangan Oq uydagi yig‘ilishda  qatnashgani ko‘pchilikda hayrat uyg‘otdi.

Uchrashuv mazmuni ommaga oshkor etilmadi, ammo AQSH Prezidenti Donald Trampning vakili Stiv Uitkoff yig‘ilish oldidan “Fox News”ga bergan intervyusida u asosan ma’muriyatning “urush tugagach G‘azo uchun kompleks rejasi” haqida bo‘lishini aytdi.

Bir qarashda, Blerning ishtiroki kutilmagan holdek tuyulishi mumkin. U Yaqin Sharq bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan sobiq jahon yetakchisi bo‘lsa-da, so‘nggi o‘n yil ichida uning rasmiy faoliyati asosan xususiy biznes tashabbuslari va onda-sonda ommaviy axborotda ko‘rinib turishi bilan cheklangan.

Falastin davlatchiligi g‘oyasi o‘lishi mumkin

Britaniyadagi Falastin missiyasi rahbari elchi Husam Zomlot Blerning Oq uydagi yig‘ilishda qatnashishi haqida izoh bermadi. Biroq sobiq Britaniya yetakchisi falastinliklarda katta ishonch uyg‘otmasligi aniq.

Bler 2007 yil Dauning-stritni tark etgandan so‘ng, sakkiz yil davomida Isroil va Falastin o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishishga urinayotgan yirik davlatlar guruhining “Kvartet”ning (AQSH, Rossiya, Yevropa Ittifoqi, BMT) Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi bo‘lib ishladi. 2015 yilda Bler bu lavozimdan iste’fo bergan paytga kelib, “Kvartet” samarasiz va haqiqiy vakolatsiz tuzilma sifatida ko‘rila boshlandi.

Blerning elchi sifatidagi natijalari ham yuksak baholanmadi. Falastin ma’muriyati uning tayinlanishini dastlab olqishlagan bo‘lsa-da, munosabatlar tez orada buzildi. Bler G‘arbiy sohilning Ramalloh shahrida deyarli “persona non grata” deb e’lon qilinishiga oz qoldi. Chunki Falastin ma’muriyati uni Isroilga moyillikda aybladi.

Merilend universiteti professori va Brookings institutining norezident katta ilmiy hamkori Shibli Telhamining aytishicha, Blerning Oq uydagi yig‘ilishda qatnashishi Trampga boy homiylarning e’tiborini jalb qilishga yordam berishi mumkin, lekin bu Yaqin Sharq va xalqaro jamoatchilik fikriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

“(Blerning) Iroq urushini qo‘llab-quvvatlagani va uning Yaqin Sharq hukmdorlari bilan moliyaviy va siyosiy aloqalari obro‘sini zaiflashtirdi”, dedi Telhami.

Falastinliklar Tramp ma’muriyatiga va uning G‘azo bo‘yicha rejalariga allaqachon ishonchsizlik bilan qaramoqda, shuning uchun Blerning bu muhokamalarda ishtirok etishi ularning xavotirlarini kamaytirishi ehtimoldan yiroq.

Britaniyada Liberal-demokratlar partiyasi yetakchisi Ed Deyvi Blerdan parlamentni Oq uydagi uchrashuv haqida xabardor qilishni talab qildi va Britaniya “Trampni to‘g‘ri ish qilishga majbur etish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishi shart”, ekanini aytdi.

G‘azo “Riverasi”

Tramp avval ham AQSHning G‘azoni nazoratga olishi, uning aholisini ko‘chirish va vayrona bo‘lgan yerni “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylantirish g‘oyasini ilgari surgan.

Bu yil boshida u hatto ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan videoni ulashdi. Unda G‘azo yangi kurortga aylantirilib, u yerda Trampning oltin haykali o‘rnatilgani tasvirlangan.

Bunday rejalarning eng yirik tarafdorlaridan biri – Trampning kuyovi Jared Kushner. Bler kabi u ham hozirda hech qanday rasmiy lavozimga ega emas. Va Bler kabi u ham o‘sha 27 avgustdagi uchrashuvda qatnashgan.

Isroil OAV xabariga ko‘ra, Isroilning strategik ishlar vaziri Ron Dermer ham shu hafta Vashingtonda bo‘lgan. U Kushner va Bler bilan yaqin aloqalarga ega.

Dermer 2020 yilda Isroil va bir qancha ko‘rfaz davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirgan Ibrohim kelishuvlarida muhim rol o‘ynagan. Bu kelishuv Kushner tomonidan olib borilgan va Trampning birinchi ma’muriyatining yirik yutug‘i sifatida ko‘rilgan.

Dermer va Bler oldindan ham birga ishlashgan va ular yaxshi tanish deyiladi.

Telhamining aytishicha, Dermer G‘azo masalasida Bler va Tramp jamoasi bilan hamkorlik qilgan, ammo uchrashuvda arab vakillari qatnashmagan.

“Hech qanday kuchli arab ishtirokchilari yo‘q edi. Holbuki, G‘azo masalasi arablarga katta ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa Isroil qo‘shnilariga. Shuningdek, boy arab davlatlari xarajatlarning katta qismini qoplashga majbur bo‘ladi”, dedi u.

“Rivera” g‘oyasi avval Trampning Vashingtonda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvi chog‘ida aytilgan bo‘lib, bu g‘oya keng qoralangan. Falastin ma’muriyati uni “xalqaro huquqning jiddiy buzilishi” deb atadi. Yevropa yetakchilari esa “qabul qilinmas” deb baholadi.

Biroq Telhami Blerning ishtirokini Tramp rejasiga salmoq qo‘shishi mumkin deb hisoblaydi.

“Bler Trampning maslahatchilar guruhini kengaytirgandek ko‘rsatishi mumkin. U yerda Uitkoff va Kushner bor, Bler esa xalqaro imij va obro‘ga ega shaxs”, deydi Telhami.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Trampning qayta qurish rejasi amalga oshsa, “ulkan mablag‘lar” talab etiladi. Blerning boy Ko‘rfaz davlatlari bilan yaqin moliyaviy va siyosiy aloqalari esa Tramp uchun foyda keltirishi mumkin. Dastlab bu g‘oya Trampning o‘ylab qolgan gapidek ko‘rilgan bo‘lsa-da, keyinroq u harakatga aylandi.

“Financial Times” xabariga ko‘ra, G‘azoni qayta qurish, falastinliklarni yerlaridan chiqishlari uchun pul to‘lash rejasini o‘z ichiga olgan tadqiqot tayyorlanib, Tramp ma’muriyatiga taqdim etilgan.

Keyinchalik FT shuni ochiqladiki, bu loyiha Isroil biznesmenlari rahbarligida, Boston Consulting Group (BCG) moliyaviy modellari asosida ishlab chiqilgan va Blerning aql markazi — Tony Blair Institute for Global Change (TBI) xodimlari muhokamalarda qatnashgan.

Britaniya parlamentiga yuborilgan ma’lumotda BCG o‘zining yuqori darajali sheriklaridan biri kompaniya qoidalari va to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmalariga xilof ravishda jamoa tuzib, urushdan keyingi G‘azo uchun ssenariylarni tahlil qilganini va bu jarayonda TBI bilan muloqot qilganini tasdiqladi.

Institutning bildirishicha, u G‘azodagi urushdan keyingi rejalar bo‘yicha ko‘plab guruh va tashkilotlar bilan muloqot qiladi, ammo aynan mazkur rejani ishlab chiqishda ishtirok etmagan. Institut vakili Blerning Oq uydagi yig‘ilishda qatnashishi haqida izoh bermadi, faqat institut “doimo g‘azoliklar uchun yaxshiroq kelajak qurishga intilib kelganini” ta’kidladi.

“Toni Bler bu yo‘lda hukumatdan ketganidan beri mehnat qilib kelmoqda. Bu hech qachon g‘azoliklarni ko‘chirish haqida bo‘lmagan. TBI hech qachon bunday rejani yozmagan, ishlab chiqmagan yoki qo‘llab-quvvatlamagan”, dedi institut vakili. 

G‘azodagilar esa Tramp rejasi haqida ko‘proq ma’lumot kutayotgan bir paytda, Bler institutining bu pozitsiyalarini Oq uyda yig‘ilganlarga xuddi shu tarzda yetkazgan bo‘lishidan umid qilishdan boshqa chorasi yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Oq uy Jared Kushner Toni Bler

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing