Tomga chiqqan maktab o‘quvchilariga chora ko‘riladi
Jamiyat
−
13 Sentabr 2023
7322Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ko‘pqavatli uyning tomida maktab o‘quvchilari sayr qilib yurgani aks etgan video tarqaldi. Chilonzor tumani hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirib chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, tomga chiqqan o‘quvchilar masalasi bo‘yicha tuman hokimligi, maktab ma’muriyati, profilaktika inspektorlari ishtirokida tezkor o‘rganish o‘tkazilgan. O‘rganishlar jarayonida ma’lum bo‘lishicha, tumandagi “2-Charx Kamolon” mahallasida joylashgan ko‘pqavatli uylardan birining tom qismiga 128-umumta’lim maktabining 9 “A”-sinfi o‘quvchilari S.M va M.I atrofni tomosha qilish maqsadida chiqqan.
“Tuman hokimligining Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya raisi o‘rinbosari A.Hatamov boshchiligida mazkur o‘quvchilar va ularning ota-onalari, maktab ma’muriyati, psixolog inspektorlar, tuman hokimligidagi Bolalarni himoya qilish sho‘basi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan muloqot jarayonida o‘quvchilar bu ishni qilganlaridan pushaymon ekanligini aytib kechirim so‘radi”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Shuningdek, ota-onalar ham bolalarni bundan keyin qattiq nazorat ostiga olishlarini bildirgan.
Qolaversa, majlisda maktab ma’muriyati va tuman Bolalarni himoya qilish sho‘basi mutasaddilariga S.M va M.I.ga nisbatan qonun doirasida tegishli chora ko‘rish topshirilgan.
LiveBarchasi