“Tolibon” va Turkmaniston yashirincha muzokaralar o‘tkazdi — OAV
Jamiyat
−
13 iyul 2021
19140"Tolibon" delegatsiyasi Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligida joriy yilning 10 iyul kuni yashirincha muzokaralar o‘tkazdi, ammo muzokaralar to‘g‘risida birorta rasmiy xabar berilmadi. Bu haqda "Asia-Plus" nashri xabar bermoqda.
“Tolibon” harakatining delegatsiyasi Ashxobodda bo‘lib, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligida muzokaralar o‘tkazgan. Turkmanistonning taklifiga binoan amalga oshirilgan tashrif to‘g‘risida Ashxobod birorta rasmiy xabar bermadi. Ammo Ashxobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar haqidagi ma’lumotni "Tolibon"ning Qatardagi vakili Muhammad Naim tasdiqladi.
"Ashxobodga "Tolibon" delegatsiyasi rasmiy ravishda tashrif buyurdi. "Tolibon" delegatsiyasi va Turkmaniston rasmiylari o‘rtasidagi muzokaralar Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tdi. "Tolibon" va Turkmaniston o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy aloqalar, xavfsizlik va chegara masalalari muhokama qilindi. Delegatsiyani Turkmaniston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari kutib oldi", deya xabar berdi Muhammad Naim.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad Naim delegatsiyaga kim rahbarlik qilgani hamda Turkmanistonda kim muzokaralar olib borganiga aniqlik kiritmagan.
Ammo, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligiga yaqin manbalarning xabar berishicha, 10 iyul kuni “Tolibon”ning Qatardagi siyosiy idorasi rahbari Sher Muhammad Abbos Stanikzay Ashxobodga tashrif buyurgan. Manbalardan birining da’vo qilishicha, delegatsiya bilan Turkmaniston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Vepa Xojiyev uchrashgan.
Xabarga ko‘ra, Turkmaniston "Tolibon" vakillaridan Ashxobodga tashrifi haqida ovoza qilmaslikni so‘ragan. Bundan tashqari, Turkmaniston "Tolibon"dan muzokaralarni sir tutishni iltimos qilgan. Bunga sabab deya, Turkmaniston Qobuldagi rasmiylarni g‘azablantirishni istamagani ko‘rsatilmoqda. Muzokaralarda tomonlar tajovuz qilmaslik va ehtimoliy qochqinlar oqimini to‘sishni muhokama qilishgan.
11 iyul kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat yuzasidan bayonot bergan edi. Bayonotda TIV turkman-afg‘on chegarasiga og‘ir harbiy texnikalar joylashtirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Shuningdek, TIV Rossiya ommaviy axborot vositalarini noto‘g‘ri axborot tarqatishda aybladi.
Unga ko‘ra, Ashxoboddagi “Tolibon” bilan muzokaralar, shuningdek Afg‘oniston hukumati harbiylari va “Tolibon” jangarilarining Turkmaniston bilan chegaradosh hududlardagi to‘qnashuvlari haqida hech narsa aytilmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida “Tolibon” delegatsiyasi Turkmaniston hukumatining taklifiga binoan Ashxobodga tashrif buyurgan edi. Shuningdek, "Tolibon" joriy yilning 8 iyul kuni Moskvaga tashrif buyurgandi. “Tolibon” harakati siyosiy idorasi delegatsiyasi Moskvada o‘tkazilgan maslahatlashuvlarda guruh Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmasligiga kafolat bergandi.
LiveBarchasi