“Tolibon” Moskvada Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da berdi

Olam

image

“Tolibon” harakati siyosiy idorasi delegatsiyasi Moskvada o‘tkazilgan maslahatlashuvlarda guruh Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmasligiga kafolat berdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilmoqda.

Kecha, 8 iyul kuni Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov “Tolibon” harakati siyosiy idorasi delegatsiyasi bilan maslahatlashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi vaziyat va afg‘onistonaro muzokaralarni boshlash istiqbollari muhokama qilindi.

“Rossiya tomoni Afg‘onistonning shimoliy hududlarida keskinlik kuchayganidan xavotir bildirdi va uning mamlakat tashqarisida tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. “Tolibon”dan guruhning Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmasligi bo‘yicha kafolatlar olindi , shuningdek, Afg‘oniston hududidagi xorijiy davlatlarning diplomatik va konsullik vakolatxonalari xavfsizligi kafolatlari ham qabul qiligdi”, deyiladi Rossiya TIV veb-saytida e’lon qilingan xabarda.

Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 11 sentyabriga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan. 

Qayd etish kerakki, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishini Vashingtonning “missiya muvaffaqiyatsizligini” tan olishi, deb hisoblashini ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

253

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing