“Tolibon” ustidan 3 oyda g‘alaba qozonamiz — Ashraf G‘ani

Jamiyat

image

Afg‘oniston Prezidenti uch oy ichida "Tolibon" ustidan g‘alaba qozonib, mamlakatda tinchlik o‘rnatishga va’da berdi. Bu haqda TASS xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani yaqin uch oy ichida mamlakatdagi xavfsizlik sezilarli darajada mustahkamlanishini aytgan. U bu haqda Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatining Mozori Sharif shahriga safari chog‘ida ma’lum qilgan. 

"Mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaqin uch oy ichida yaxshilanadi. "Tolibon" ustidan g‘alaba qozonib, egallab olgan barcha hududlarni qaytarib olamiz", deya ishonch bilan ta’kidlamoqda Ashraf G‘ani. 

Ma’lum qilinishicha, Ashraf G‘ani Mozori Sharifda faol fuqarolar, jurnalistlar va mahalliy ma’muriyat xodimlari bilan uchrashgan. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u, "Tolibon"ni yengish uchun milliy birdamlik zarur, deya ta’kidlagan. 

Aytish joizki, so‘nggi oylar ichida Balx viloyatining 9 ta tumanini "Tolibon" egallab oldi. Shunday bir paytda ko‘ngilli askarlar guruhlari viloyat aholi punktlaridan radikallarga qarshi turish uchun "Tolibon" egallab olgan joylarga yetib keldi.

Balx hokimi Muhammad Farhat Azimiyning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari viloyat shimolidagi Hayraton portini himoya qilish rejalarini muhokama qilmoqda. Ushbu port va Amudaryodagi chegara posti O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan.

Ma’lumot o‘rnida, Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish 29 aprelda boshlangan. AQSH va "Tolibon" o‘rtasidagi tuzilgan kelishuvga binoan jarayon kuzda yakunlanishi kerak. 

Amerika Prezidenti Jo Baydenning Afg‘onistondagi AQSH  Qurolli kuchlari operatsiyasi yakunlangani va qo‘shinlarni olib chiqishni rejalashtirayotgani haqidagi bayonotidan so‘ng mamlakatdagi vaziyat keskin yomonlashdi. Hozirgacha Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan 95 foizdan ko‘prog‘ini olib chiqib ketdi. Shu bilan birga, "Tolibon" vakillariga ko‘ra, respublika hududining 85 foizga yaqini, jumladan, besh mamlakat – Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaradagi hududlar ustidan nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon

Baholaganlar

335

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing