“Tolibon” to‘rtta yo‘nalishda soliq imtiyozlarini joriy qildi

Olam

image

Afg‘onistonda hokimiyatni ushlab turgan “Tolibon” harakati yuridik va jismoniy shaxslar, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi hamda neft-gaz importiga oid yangi soliq imtiyozlarini joriy etdi. Bu haqda “Tolonews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi soliq imtiyozlari taqdim etilgan tadbirda “Tolibon” hukumati Bosh vaziri o‘rinbosari Abdul Salam Hanafi yangi tartiblarning tafsilotlarini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, konchilik kompaniyalaridan tashqari barcha yuridik shaxslar, jumladan, kompaniyalar va xususiy shifoxonalar uchun daromad solig‘i 20 foizdan 10 foizga pasaytirildi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘idan ozod etiladigan yillik daromad chegarasi 60 ming afg‘onidan 120 ming afg‘onigacha oshirildi. Endilikda yiliga 120 ming afg‘onigacha daromad topadigan fuqarolar daromad solig‘ini to‘lamaydi.

Bundan tashqari, neft va gaz importiga qo‘llaniladigan soliq stavkasi har metrik tonna uchun 100 afg‘onidan 50 afg‘onigacha kamaytirildi. Ko‘chmas mulkni o‘tkazish bo‘yicha soliq esa 1 foizdan 0,5 foizga tushirildi.

Moliya vaziri Muhammad Nosir Axundning aytishicha, “Tolibon” 2021 yilda hokimiyatga qaytganidan buyon mamlakatda jami 13 ta soliq imtiyozi joriy etilgan.

“Bugun to‘laydigan soliqlaringiz Islom Amirligining mudofaa, xavfsizlik, razvedka va oddiy davlat xarajatlarini moliyalashtiradi”, degan Axund.

Tadbirda so‘z olgan Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy esa tadbirkorlar va investorlarni soliqlarni shaffof tarzda to‘lashga hamda soliq majburiyatlarini bajarishga chaqirgan. “Tolibon” rasmiylari yangi soliq imtiyozlarini Afg‘onistonda investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli iqtisodiy siyosatning bir qismi sifatida baholamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda guruh a’zolari va hukumat xodimlari uchun smartfonlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha yangi og‘zaki buyruq bergani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing