“Tolibon” Tojikistonga o‘tar ko‘prik ustida o‘z bayrog‘ini o‘rnatdi (video)
Olam
−
08 iyul 2021
35399“Tolibon” harakati jangarilari afg‘on-tojik chegarasida bayroq osib qo‘ydi. Bu haqda RIA Novosti Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati ma’muriyatidagi manbasiga tayanib yozmoqda.
“5 iyul kuni Afg‘oniston hukumati qo‘shinlarining chegara postini egallab olgan “Tolibon” bugun, 8 iyul kuni Afg‘onistonni Tojikiston bilan bog‘laydigan Panj daryosi ustidan o‘tgan ko‘prikning yon tomoniga bayroq o‘rnatdi”, deydi nashr manbasi.
Xabarga ko‘ra, 5 iyulga o‘tar kechasi afg‘on chegarachilari o‘zlarining nazorat punktlarini toliblarga jangsiz topshirib, 312 nafar askar ushbu ko‘prikdan qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tgan.
Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 11 sentyabriga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan.
Qayd etish kerakki, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishini Vashingtonning “missiya muvaffaqiyatsizligini” tan olishi, deb hisoblashini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi