“Tolibon” Tojikiston bilan chegaradagi postni egallab oldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kecha, 27 iyun kuni Afg‘onistonning Balx viloyati Kaldor tumanining Ukchuk chegara nazorat nuqtasiga “Tolibon” hujum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Qayd etilishicha, to‘qnashuv mahalliy vaqt bilan soat 12:50 gacha davom etgan va post “Tolibon” nazoratiga o‘tgan. To‘qnashuv natijasida 17 nafar hukumat askari o‘z hayotini qutqarish uchun Shahritus birinchi chegara posti orqali Tojikiston hududiga chekinishga majbur bo‘lgan. 

Ma’lum qilinishicha, insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga amal qilgan tojik chegarachilari davlat chegarasini buzib o‘tgan afg‘on harbiylariga o‘z hududiga erkin kirishga ruxsat bergan. Biroq chegara hududida hamon vaziyat keskin. “Tolibon” va Afg‘oniston hukumati kuchlari o‘rtasida janglar davom etmoqda.

Avvalroq, “Tolibon” Afg‘oniston hukumati va boshqa barcha tomonlar bilan tinch kelishuvga erishmoqchi ekanini aytib, bayonot bilan chiqqani haqida xabar bergan edik.

Faollashib qolgan “Tolibon”

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

"Tolibon" faollashishi ortidan hududlarni boy berish boshlangach, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani AQSHga safar qilib, Prezident Jo Bayden bilan uchrashdi. Bayden AQSH qo‘shinlari Afg‘onistondan ketgani bilan mamlakatga yordam ko‘rsatish to‘xtatilmasligini ma’lum qildi. Xususan, rasmiy Vashington Kobulga 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.

 

Diyora Abdurahmonova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Afg'oniston AQSh Tolibon

Baholaganlar

192

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing