“Tolibon” Termizdan 58 km uzoqlikdagi shaharga hujum boshladi

Olam

image

Bugun, 14 avgust kuni “Tolibon” harakati Afg‘onistonning shimolidagi Balx viloyati ma’muriy markaziga hujum boshladi. Bu haqda “Associated Press” nashri mahalliy deputatlarga tayanib, xabar bermoqda.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” mamlakat shimolida joylashgan Mozori-Sharif shahriga ham hujumni boshlagan. Ushbu axborotni harakat rasmiy vakili Zabihullo Mujohid ham tasdiqlagan.

“Balx viloyati markazi Mozori-Sharif shahri atrofida og‘ir janglar davom etmoqda. Islom Amirligining (Afg‘onistonning “Tolibon” hukmronligi davridagi nomi) mujohidlari shaharning har tarafidan dushman nishonlariga qarshi aniq va tezkor operatsiyalarni boshladi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, dushman zarar ko‘rdi va mujohidlar oldinga siljishmoqda. Batafsil keyinroq”, deya qayd etgan “Tolibon” vakili Twitter sahifasida.

Ma’lumot o‘rinda, Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahri O‘zbekistonning Termiz shahridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisoblaganda 58 km, avtomobil yo‘li bilan esa 100 km uzoqlikda joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 14 avgust kuni “Tolibon” Qobul shahriga yanada yaqinlashdi. Harakat jangarilari ayni vaqtda poytaxtdan 11 km uzoqlikda joylashgan Chor-Osiyob tumanida bo‘lib turibdi.  

So‘nggi paytlarda Afg‘onistondagi vaziyat yanada keskinlashdi. “Tolibon” Afg‘onistondagi bir necha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni, jumladan mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri — QandahorG‘azni va Hirotni egallab oldi. OAVda esa mamlakat Prezidenti Ashraf G‘anining Afg‘onistonni tark etishi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

528

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing