“Tolibon” so‘nggi oylarda Afg‘onistonda qancha odam o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi 

Olam

image

Oxirgi oylarda “Tolibon” harakati jangarilari Afg‘onistonda uch mingdan ortiq odamni o‘ldirgan. Bu haqda Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar qo‘shni davlatlar elchilari va vakillari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblarning hujumlari natijasida 300 mingdan ziyod afg‘on o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan, mamlakat hududlarining yarmida tartib va   xizmat ko‘rsatish buzilgan. 

“Hozirgi vaqtda 18 million odam og‘ir gumanitar vaziyatda”, degan vazir. 

Qayd etilishicha, uchrashuv davomida Tashqi ishlar vaziri diplomatlar bilan oltita muhim mavzuni muhokama qilgan: xavfsizlik holati, “Tolibon” safida chet ellik jangarilar mavjudligi, og‘ir gumanitar vaziyat, jangarilar tomonidan jinoyatlar va inson huquqlari buzilishi, hukumatning xavfsizlik rejasi va xalqaro hamkorlik. 

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston hukumati “Tolibon” harakati bilan tinchlik o‘rnatishga tayyorligini, lekin hukumatning bir qancha shartlari borligini ma’lum qilgandi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

254

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing