“Tolibon” stol futbolini ham taqiqladi
Olam
−
29 may 2187 1 daqiqa
“Tolibon” muvaqqat hukumati Afg‘onistonning Daikundi viloyatida stol futboli o‘yinini taqiqladi. Bu haqda “Afghanistan International” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Tolibon” ushbu o‘yindagi kichik futbolchi figuralarini taqiqlangan deya hisoblagan va bu holat Islom dinida man etilganini bildirgan.
Qayd etilishicha, “Tolibon” stol futboli klublariga o‘yinni davom ettirish uchun futbolchi figuralarining bosh qismlarini olib tashlashni buyurgan. Agar bu buyruqqa amal qilinmasa, o‘yinning o‘zi butunlay taqiqlanishi aytilgan.
Ammo “Tolibon” muvaqqat hukumati bu borada rasmiy bayonot bermagan.
So‘nggi to‘rt yil ichida “Tolibon” Afg‘onistonda bir qancha o‘yinlar va ko‘ngilochar faoliyatlarni bosqichma-bosqich cheklab kelmoqda. Bungacha, muvaqqat hukumat sport sohasi doirasida Afg‘on shaxmat federatsiyasining faoliyatini to‘xtatgandi va shaxmatni “harom” deb e’lon qilgan edi.
Sport departamenti vakili Atal Mashvaniyning so‘zlariga ko‘ra, shaxmat “Tolibon” tomonidan 2024 yilda qabul qilingan “Ezgulikni targ‘ib qilish va yovuzlikning oldini olish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq taqiqlangan qimor o‘yinlari toifasiga kiradi.
Live
Barchasi