“Tolibon” Rossiya bilan diplomatik aloqalar darajasini oshirishga umid qilmoqda
Olam
−
04 Oktabr
2453Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlashga, savdo-sotiqni rivojlantirishga intilmoqda va diplomatik munosabatlar darajasini yaxshilashga umid qilmoqda. Bu haqda Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlar yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy jurnalistlarga ma’lum qildi.
"Afg‘oniston va Rossiya o‘rtasida delegatsiyalar almashinuvi tobora qizg‘inlashib bormoqda. Mamlakatimizdan bir qator yuqori martabali delegatsiyalar Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib o‘tgan turli tadbirlarda ishtirok etdi. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘sib borayotganini qayd etib, diplomatik munosabatlar darajasini oshirishga umid qilamiz”, deb ta’kidladi u.
Qayd etish joizki, ayni paytda Rossiya “Tolibon”ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqishni yakunlamoqda. Bu haqda bugun, 4 oktyabr kuni MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik idoralari va razvedka xizmatlari rahbarlari kengashining Ostonadagi yig‘ilishida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov ma’lum qildi.
“Biz “Tolibon”ning ISHIDning eng xavfli qanoti – hududimizdagi soxta bayroqlar ostida terrorchilik guruhi imkoniyatlaridan qo‘poruvchilik harakatlarida foydalanayotgan G‘arbdan resurs ko‘magini olishda davom etayotgan “Viloyat Xuroson”ga qarshi kurashishga tayyorligini ko‘ramiz", deb ta’kidladi FXX rahbari.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq "Tolibon" muvaqqat hukumatida bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar va boshqa rasmiylar oktyabr oyida Rossiyaning Qozon shahrida bo‘ladigan BRICS sammitida ishtirok etishni so‘rab, Moskvaga xat yo‘llagandi.
LiveBarchasi