“Tolibon” Ramazon hayiti munosabati bilan qurolli harakatlarni to‘xtatdi

Olam

image

“Tolibon” harakati yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayit bayrami munosabati bilan Afg‘onistonda uch kun o‘q uzishni to‘xtatish haqida e’lon qildi. Bu haqda “Anadolu” yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston bo‘ylab toliblarga hukumat kuchlari nazoratidagi hududlarda qurol ishlatmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Shu bilan birga, rasmiy Kobulning har qanday operatsiyasiga harakat tomonidan zudlik bilan javob qaytarilishi ta’kidlangan.

Afg‘oniston hukumati toliblarning ushbu bayonotiga hanuzgacha izoh bermagan.

AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi fonida so‘nggi 10 kun ichida mamlakatda keskinlik oshib ketdi. So‘nggi paytlarda G‘arb OAVda Afg‘onistondan olib chiqiladigan qo‘shin Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga joylashtirilishi, bunda O‘zbekiston va Tojikiston geografik nuqtai nazardan eng maqbul variant ekanligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.  

O‘z navbatida, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ushbu xabarlar yuzasidan quyidagicha munosabat bildirdi:

“Mudofaa sohasidagi asosiy hujjatlarda bu masalaga aniq va tiniq javob ko‘rsatilgan – O‘zbekiston o‘z hududiga xorijiy harbiy baza va ob’ektlar joylashtirilishga yo‘l qo‘ymaydi”.

Chet el qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishni boshlaganidan beri haqiqatan ham mamlakatda terakt va qo‘poruvchilik harakatlari ko‘paygan. 

Jumladan, 8 may kuni Afg‘oniston poytaxti Kobulda qator portlashlar yuz berdi. Oqibatda kamida 55 kishi halok bo‘ldi, 150 ga yaqin jarohatlandi. Voqea shahar maktablaridan birida sodir bo‘lgan va vafot etganlarning asosiy qismini 11-15 yoshdagi o‘quvchi qizlar tashkil etgan.

Shundan so‘ng Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani voqeani terakt (terrorchilik harakati) deb baholab, 11 mayni milliy motam kuni deb e’lon qildi. U, shuningdek bu portlashlarda “Tolibon” harakatini ayblagan. Biroq, “Tolibon” o‘zlarining portlashlarga aloqasi yo‘qligini aytib, voqeani qoraladi. 

O‘z navbatida, AQSH va Xitoy ushbu fojia yuzasida munosabat bildirib, vafot etgan maktab o‘quvchilarining yaqinlariga hamdardlik bildirdi

Bundan avval, may oyining boshida mamlakatning Logar viloyatida ham bomba portlashi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lib, 60 ga yaqin odam jarohat olgandi. Bu voqea Amerika koalitsiyasi qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi boshlangan kunning ertasiga yuz berdi.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzolagandi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi.

Biroq, bu jarayon Amerika tomonidan kechiktirildi. 14 aprel kuni mamlakat Prezidenti Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlangani va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu davlatdagi harbiylarini 2021 yil 11 sentyabrga qadar olib chiqib ketadi. Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, o‘shandan beri “Tolibon” mamlakat bo‘ylab hujumlarni kuchaytirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing