“Tolibon” Panjsherning strategik muhim hududini egalladi

Olam

image

“Tolibon” harakati Afg‘onistonning Panjsher viloyatidagi strategik muhim ahamiyatga ega Xinj hamda Annaba tumanini egalladi. Bu haqda toliblar vakili Bilol Karimi o‘zining “Twitter” sahifasida ma’lum qilgan.

“Panjsherning eng strategik tumani Xinj va viloyat markazidan uncha uzoq bo‘lmagan Annaba tumani to‘liq egallandi. Faqatgina Abshar tumani bosh binosi qoldi”, degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha to‘rtta tuman: Shutal, Annaba, Paryan va Xinj toliblar qo‘liga o‘tgan. U harakat jangarilari viloyat markazi tomon harakatlanayotganini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq, Panjsher viloyati egallangani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq, qarshilik kuchlari bu ma’lumotni rad etdi. Umuman olganda tomonlar bir-biriga zid bo‘lgan axborotlarni tarqatmoqda. Shu sababdan hozircha qaysi hududlar toliblar tomonidan egallangan, qaysilari esa Afg‘oniston milliy qarshilik fronti nazoratida ekanini aytish mushkul.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Qayd etish kerakki, hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon Panjsher

Baholaganlar

180

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing