“Tolibon” operatsiya paytida erkak va ayollar birga ishlashini taqiqladi

Olam

image

Joriy yilning 10 fevral kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati o‘quv shifoxonalarida operatsiya jarayonida erkak va ayol tibbiyot xodimlarining birga ishlashini taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda “Afganistan Internatioal” xabar berdi. https://www.afintl.com/en/202602161259 

Xabarga ko‘ra, jarrohlik amaliyotidagi shifokorlar faqat erkaklardan yoki faqat ayollardan iborat bo‘lishi kerak – aralash xodimlarga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, jarrohlik uchun xodimlarni tanlashda bemorning jinsi inobatga olinmaydi.

Ushbu ko‘rsatma barcha o‘quv shifoxonalariga tatbiq etilgan. Yangi tartib Afg‘oniston sog‘liqni saqlash tizimida yetarli va standart darajadagi xizmat ko‘rsata oladimi, degan xavotirlarni kuchaytirgan.

Sog‘liqni saqlash sohasi kuzatuvchilariga ko‘ra, mamlakatda ayol tibbiyot mutaxassislari yetarli emas, bu esa mazkur ko‘rsatmani amalda qo‘llashni qiyinlashtirishi mumkin.

Akusherlik va ginekologiyadan tashqari yo‘nalishlarda Afg‘onistonda ayol mutaxassislar soni nihoyatda kam. Mamlakatda atigi 2-3 nafar ayol neyroxirurg hamda 5-6 nafardan oshmaydigan ayol quloq, burun va tomoq mutaxassislari bor. Shuningdek, ortopediya va plastik jarrohlik sohalarida ham ayol mutaxassislar yetishmasligi kuzatilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2024 yil dekabr oyida “Tolibon” qizlar uchun oliy va o‘rta maxsus tibbiyot ta’lim muassasalar faoliyatiga ruxsat bermagan. Bu esa allaqachon ayol tibbiyot xodimlari tanqisligi kuzatilayotgan mamlakatda jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, “Tolibon” 2021 yilda hokimiyatga kelganidan beri oltinchi sinfdan yuqori qizlar uchun maktablar hamda universitetlarni yopiq holda saqlab kelmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda bir milliondan ortiq qiz ta’lim olishdan mahrum qilingani xabar qilingan edi.

E’zoza Olimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

ayollar erkak “Tolibon”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing