“Tolibon” musiqa asboblarini yig‘ib, yoqib yubordi
Olam
−
20 iyul 2023
4392“Tolibon” Afg‘onistonning bir qancha hududlarida musiqa asboblarining katta uyumini yig‘ib, yoqib yubordi. Bu haqda “Kabul Now” nashri xabar berdi.
Keltirilishicha, kecha, 19 iyul kuni Twitter platformasida Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi musiqa asboblari yo‘q qilingani aks etgan tasvirlarni bo‘lishgan va musiqa cholg‘u asboblari jamiyatda korrupsiyani targ‘ib qilish uchun ishlatilayapti, deya tvit qoldirgan.
“Tolibon” Axborot va Madaniyat vazirligining ommaviy axborot vositalari monitoringi rahbari Abdulhaq Hamad qo‘shiq aytish va musiqa asboblarini chalish shariat qonunlariga zid harakat ekanini aytgan. U ushbu vositalarni chalish orqasidan kun ko‘radiganlarni boshqa kasb bilan shug‘ullanishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, 2021 yilda hokimiyatga kelganidan beri “Tolibon” musiqachilar va rassomlarga jiddiy cheklovlar qo‘ygan, bu esa yuzlab odamlarni mamlakatdan xavfsiz joyga ko‘chishga majbur qilgan.
Mamlakatdan chiqib keta olmaganlar qo‘rqitish, zo‘ravonlik, qiynoqlar va hatto o‘lim xavfi ostida qolgan. Shuningdek, musiqachilardan hech qachon qo‘shiq aytmaslik, cholg‘u asboblarini chalmaslik va’dasi olingan.
Bundan tashqari, 2021 yilning avgust oyi oxirida Kobul shimolidagi Andarab qishlog‘ida toliblar tomonidan taniqli xalq qo‘shiqchisi Favad Andarabiy, Sharqiy Nuriston viloyatida yana bir mashhur xalq qo‘shiqchisi Muslim Nuristoniy akasi bilan birga noma’lum qurolli shaxslar tomonidan o‘ldirildi. Shu bilan birga, taniqli qo‘shiqchi Gudar Zazayi musiqa asboblarining yonishini tomosha qilishdan oldin toliblar tomonidan kaltaklangan.
LiveBarchasi