“Tolibon” Mirziyoyevning “Qo‘shtepa” kanali bo‘yicha xavotirlariga javob qaytardi

Jamiyat

image

“Tolibon”ning Energetika va suv vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansur Afg‘oniston qo‘shni davlatlar bilan Amudaryo suvidan foydalanish muammosini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda TOLONews xabar berdi.

“O‘z xavotirini bildirganlar kelishuv asosida ish ko‘rishi kerak, lekin Afg‘onistonning hech kim bilan suv bo‘yicha shartnomasi yo‘q. Biz ham bu borada hech qanday kelishuv yoki shartnoma tuzmaganmiz. Agar kelishuv buzilganida, biz albatta bunga chora ko‘rgan bo‘lardik”, degan “Tolibon” vakili.

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev "Qo‘shtepa" kanali qurilishi yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirgan edi. Prezident uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv balansini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini aytgan.

Shu bilan birga, bir qancha iqtisodchi va suv xo‘jaligi mutaxassislari ham hozirgi qurg‘oqchilik inqirozi tufayli mamlakatning turli hududlarida suv to‘g‘onlari qurish va suv resurslaridan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladilar.

“Biz Amudaryo suvidan foydalanishga mutlaqo haqlimiz. Bu huquq xalqaro konvensiyalar bilan Afg‘onistonga berilgan va davlatimiz Amudaryo suvining 27-30 foiziga egalik qiladi”, degan suv xo‘jaligi eksperti Najibulla Sadid.

“Hududda suv bilan bog‘liq nizolar bo‘lishi mumkinligini kutgandik. Chunki biz mintaqadagi suv manbai bo‘lib, bu suvni iste’mol qilmasak ham, u boshqa davlatlar tomonidan suv resursi sifatida qaralmoqda”, deydi afg‘onistonlik iqtisodchi Sayid Mansur.

Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev Dushanbeda “Qo‘shtepa” kanali masalasini ko‘targan edi.

“Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari, men ham "Qo‘shtepa" kanali bo‘yicha o‘z qarashlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi. Shu munosabat bilan biz Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz”, degan edi O‘zbekiston Prezidenti.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tolibon Qo'shtepa kanali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made