“Tolibon” mamlakatda xorij harbiylarining mavjudligiga toqat qilmaydi – Muttaqiy
Olam
−
21 iyul 2025 5592 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy AQSH Prezidentining Xitoyning Bagram aviabazasida bo‘lishi haqidagi so‘zlarini rad etdi. Bu haqda “Tolo News” xabar berdi.
Muttaqiy vazirlik qoshidagi Diplomatiya institutining bitiruv marosimida so‘zga chiqib, Afg‘oniston mamlakat tuprog‘ida xorijiy harbiylarning bo‘lishiga toqat qilmasligini ta’kidladi.
“Islom Amirligi va Afg‘oniston xalqi mamlakatning bir qarich yerini ham xorijiy harbiylar mavjudligi uchun qabul qilmaydi. Prezident Tramp bu xabarni eshitishi kerak va boshqa davlatlar ham tushunishi kerakki, biz o‘zaro aloqada ekanmiz, bu faqat siyosiy va iqtisodiy aloqadir. Biz Afg‘onistonda xorijiy harbiylar mavjudligini hatto muhokama ham qilmaymiz”, degan Muttaqiy.
Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi “Tolibon”ning Rossiya tomonidan tan olinishiga ishora qilib, boshqa davlatlarni, ayniqsa, mintaqadagi davlatlarni muvaqqat hukumatni rasman tan olishga chaqirdi.
“Biz barcha mamlakatlarga, ayniqsa mintaqadagi davlatlarga eslatib o‘tamizki, o‘tgan uch yil davomida biz ijobiy hamkorlik qildik, taraqqiyotga erishdik, diplomatik almashinuvlar davom etdi va munosabatlarimizda hech qanday xavotirli holatlar uchramadi. Shuning uchun hamma oldinga qadam qo‘yib, bu jarayonni davom ettirishi kerak, shunda boshqalarga ham yo‘l ochiladi”, degan u.
Muttaqiy nutqining yana bir qismida muvaqqat hukumat mutanosib tashqi siyosat olib borayotganini va barcha davlatlar, jumladan, AQSH bilan yaxshi aloqalarga intilayotganini bildirdi.
“Bizning siyosatimiz muvozanatli. Biz barcha davlatlar bilan ijobiy munosabatlarni istaymiz. Hatto AQSH va G‘arb davlatlari kabi hali aloqaga chiqmagan mamlakatlar bilan ham ijobiy hamkorlikka intilamiz”, ta’kidlaydi vazir.
Bundan tashqari, Muttaqiy Xalqaro jinoiy sudning “Tolibon” muvaqqat hukumati oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda va Afg‘oniston bosh sudyasi Abdulhakim Haqqoniyni hibsga olish haqidagi orderini qoraladi. Uning ta’kidlashicha, muvaqqat hukumat XJS oldida javobgar emas va uning qarorlari Afg‘onistonda ijro etilishi mumkin emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumatining tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy Qobulda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashgandi.
Live
Barchasi