“Tolibon” ko‘mirni Pokiston o‘rniga O‘zbekistonga eksport qilmoqchi

Olam

image

Afg‘oniston ko‘miri endi Pokistonga emas, O‘zbekistonga eksport qilinadi. Bu haqda “Tolibon” matbuot kotibi Hoji Zaid xabar berdi.

Uning aytishicha, O‘zbekiston bilan muhim savdo kelishuvlariga erishilgan va endilikda Afg‘oniston ko‘miri O‘zbekistonga eksport qilinadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston o‘zining sifatli sementi va dori-darmonlarini Afg‘onistonga eksport qiladi.

Pokiston bilan chegara o‘tkazish punktlarining yopilishi va savdo to‘xtab qolgani sabab, “Tolibon” qo‘shni mamlakatlar, xususan, Eron va O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini kengaytirmoqda.

“Tolibon” bundan avval Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari O‘zbekiston orqali havo yo‘li bilan Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqarilishini ma’lum qilgan edi.

Qolaversa, “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosari iqtisodiy masalalar bo‘yicha tadbirkorlarga savdo va tranzit uchun muqobil yo‘llar izlashni maslahat bergan.

“Tolibon” moliya vazirligi bayonotida aytilishicha, Pokiston bilan savdo munosabatlari to‘xtashi “hech qanday salbiy ta’sir” ko‘rsatmagan va bojxona tushumlari ham kamaymagan. Vazirlikning ta’kidlashicha, muqobil savdo yo‘llarini mustahkamlashda tadbirkorlarga to‘liq yordam beriladi.

OAV tarqatgan ma’lumotlarda esa, bu vajlar rad etilgan. “Dawn” gazetasining yozishicha, chegaraning yopilishi Afg‘oniston va Pokiston savdosiga 4,5 milliard dollar zarar yetkazgan.

Iqtisodchi Reza Farzomning aytishicha, “Tolibon”ning “Pokiston bilan savdo to‘xtashi hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi” degan da’vosi haqiqatdan yiroq. Uning fikricha, Afg‘oniston savdo yo‘llari uchun tezkor tarzda o‘rnini bosa oladigan muqobil marshrutlarga ega emas.

Eslatib o‘tamiz, ikki mamlakat vakillari oktyabr oyining boshida o‘z Qurolli kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan so‘ng mojaroning takrorlanishini oldini olish maqsadida Istanbulda uchrashgan edi. Bu “Tolibon” 2021 yilda Qobulni egallaganidan beri yuz bergan eng jiddiy chegara to‘qnashuvlardan biri.

Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Osif o‘t ochishni to‘xtatish tartibi o‘zgarmaganini va Qobul tinchlikdan manfaatdor ko‘rinishida ekanini aytgan. Biroq agar “Tolibon” bilan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, ochiqchasiga urushga kirishamiz, degan edi u.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Pokiston Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing