Afg‘oniston va Pokiston o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib oldi
Olam
−
19 Oktabr 2025 5109 1 daqiqa
Afg‘oniston va Pokiston Dohada o‘tgan muzokaralar davomida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Qatar Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Muzokaralarda Qatar va Turkiya vositachilik qilgan.
“Tomonlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish hamda ikki davlat o‘rtasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash mexanizmlarini yaratish to‘g‘risida kelishib oldi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, Afg‘oniston va Pokiston barqaror sulh rejimini ta’minlash maqsadida yangi uchrashuvlar o‘tkazishga ham kelishib olgan.
Qayd etish joiz, Afg‘oniston va Pokiston chegarasida janglar 11 oktyabrda boshlangan edi. 15 oktyabr kuni ikki kunlik sulh kuchga kirgan, biroq uning muddati tugagach, to‘qnashuvlar qayta boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqi o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgandi. Muloqotda mintaqadagi so‘nggi voqealar va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar muhokama qilingan. Eron vaziri Qobul va Islomobod o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlardan xavotir bildirar ekan, mojaroning davom etishi butun mintaqaning barqarorligiga tahdid solishini bildirgan. Aroqchining so‘zlariga ko‘ra, Tehron keskinlikni kamaytirish va konstruktiv muzokaralarga ko‘maklashishga tayyor.
Live
Barchasi