“Tolibon” qo‘shni davlatlardan afg‘on kompaniyalari uchun qulay sharoit so‘radi

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati mintaqa davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga harakat qilmoqda. Bu haqda muvaqqat hukumat bosh vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Kabirga tayanib, “Ariana News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur bayonot Qobuldagi Serena mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan konferensiyada e’lon qilingan. Unda Eron, Pokiston, Yaponiya, Turkiya va Xitoy savdo-sanoat palatalari vakillari ham ishtirok etgan.

“Biz barcha davlatlarni afg‘on savdogarlari va investorlari uchun mavjud to‘siqlar hamda muammolarni bartaraf etishga chaqiramiz. Afg‘oniston tadbirkorlari uchun muammolar yaratish, yo‘llarni to‘sish va soliqlarni oshirish mamlakat hamda qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar va hamkorlikka zarar yetkazadi”, degan Kabir.

Sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyning ma’lum qilishicha, Eronning Chabahar porti infratuzilmasidan foydalanish bo‘yicha qator muzokaralar o‘tkazilgan. Eron tomoni afg‘onistonlik tadbirkorlar uchun portda logistika maydonlarini taqdim etishga va’da bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumatida bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar va boshqa rasmiylar shu oyda Rossiyaning Qozon shahrida bo‘ladigan BRICS sammitida ishtirok etishni so‘rab, Moskvaga xat yo‘llagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing