“Tolibon” Qobulga qarab yurish boshlagani aytilmoqda
Olam
−
13 avgust 2021
10185“Tolibon” Afg‘oniston poytaxti Qobulga yaqinlashib qoldi. Jangarilar ayni vaqtda mamlakat markazidan 50 kilometr uzoqlikda bo‘lib turibdi. Bu haqda Afg‘onistonda faoliyat yurituvchi “Pangea” insonparvarlik tashkiloti prezidenti Luka Lo Presti RIA Novosti nashriga xabar bergan.
Tashkilot rahbarining aytishicha, Qobulda ularning 22 nafar xodimi — afg‘on ayollari qolmoqda. Ular asosan ayollar va bolalardan iborat bo‘lgan “minglab mahalliy aholi”ga yordam berib kelgan. Qayd etilishicha, qo‘llab-quvvatlash tibbiyot, mikrokredit va bolalar ta’limi sohalari bilan bog‘liq.
“Biz juda xavotirdamiz, chunki “Tolibon” Qobuldan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bugun ertalab ular kabel orqali keladigan elektrni uzib qo‘yishdi, shahar deyarli izolyatsiyada (qamal) qoldi”, deydi Lo Presti.
O‘zi Italiyada bo‘lib turgan Lo Prestining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot xodimlari telefonni quvvatlash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan, shu sababli elekrdan uzilish ko‘lami hozircha aniq emas. U o‘z xodimlarining xavfsizligini ta’minlash hamda mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini topishga harakat qilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida “Tolibon” yanada faollashdi va mamlakatning bir qator eng yirik shaharlari, jumladan Qandahor, G‘azni va Hirotni egallab oldi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi