“Tolibon” qizlar uchun maktablarni ochish fikridan qaytdi 

Olam

image

Afg‘onistondagi maktablar boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan tashqari barcha qizlar uchun yopiqligicha qolmoqda. Bu haqda “Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan hukumatdagi Ta’lim vazirligi ma’lum qildi. 

O‘tgan yili avgust oyida “Tolibon” mamlakatda hokimiyatni egallab olganidan so‘ng afg‘on maktablari o‘qitishni to‘xtatgan edi. Sentyabr oyining o‘rtalarida faqat o‘g‘il bolalar uchun o‘quv jarayoni qayta tiklandi. 

Joriy yilning yanvar oyida “Tolibon” Matbuot kotibi Zabihulla Mujohid harakat yangi o‘quv yilidan boshlab, ya’ni 21 martdan keyin Afg‘onistondagi barcha maktablarda qizlarga o‘qishga ruxsat berishni rejalashtirayotganini e’lon qildi. 

O‘quvchi qizlar 23 martdan o‘qishni boshlashi kutilgandi. Biroq, kecha, 23 mart kuni “Tolibon” Ta’lim vazirligi maktablar qizlar uchun yopiqligicha qolayotganini aytdi. Darslarga faqat 6-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar qatnashishi mumkin. 

“Agar Islom qonunlari asosida keng qamrovli reja tuzilsa hamda afg‘on urf-odatlari va rahbariyat buyruqlari chiqsa, o‘rta va katta maktablar o‘z eshiklarini [qizlar uchun] ochishi haqida rasman xabar beriladi”, deyiladi Ta’lim vazirligi bayonotida. 

Qayd etish joizki, “Tolibon” barcha davlat universitetlarini talaba qizlar ta’limi uchun ochish haqidagi va’dasini bajargan. Joriy yilning 26 fevralidan boshlab Afg‘onistonning barcha universitetlarida “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olishi sababli to‘xtatilgan o‘quv jarayoni yigit va qiz talabalar uchun qayta tiklangan. Bunda ta’lim alohida olib boriladi: o‘g‘il bolalar qizlardan alohida o‘qiydi. Bundan tashqari, qizlarga faqat ayollar, o‘g‘il bolalarga esa faqat erkaklar dars o‘tishi mumkin. “Tolibon” tomonidan ag‘darilgan avvalgi hukumat davrida o‘qitish aralash bo‘lgan va o‘qituvchining jinsi muhim bo‘lmagan. 

Ma’lumot o‘rnida, AQSH o‘z qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqish qarorini e’lon qilganidan so‘ng, “Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 2021 yil 15 avgustda “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa respublikani tark etdi. 6 sentyabr kuni “Tolibon” butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

123

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing