“Tolibon” G‘arb kuchlarini Afg‘onistondan chiqarish harakatiga tushdi
Olam
−
21 avgust 2021
14397“Tolibon” harakati yaqin haftalar ichida Afg‘onistonning yangi boshqaruv tizimini taqdim etadi. Bu haqda “Tolibon” vakili ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
"Huquq, din va tashqi siyosat sohasidagi mutaxassislar yaqin haftalar ichida mamlakatning yangi boshqaruv tizimini taqdim yetish niyatida", deydi “Tolibon” vakili. Vakilning qo‘shimcha qilishicha, hukumatning yangi shakli butun aholi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘ladi.
Shuningdek, xabarda ta’kidlanishicha, “Tolibon” G‘arb davlatlari qo‘shinlarining Afg‘onistondan do‘stona shartlar asosida olib chiqilishini ta’minlashni muhokama qilmoqda.
Qobul va AQSH o‘rtasida G‘arb kuchlarini olib chiqish haqidagi kelishuvlarga ko‘ra, Afg‘oniston yana xalqaro terrorizm trampliniga aylanmasligi kerak.
Shu bilan birga, harakat vakili “Tolibon” Qobul aeroportidagi tartibsizliklarga aloqador ekanini rad etgan. Uning ta’kidlashicha, bunga aniq evakuatsiya rejasi yo‘qligi sabab bo‘lgan.
“G‘arb bundan yaxshiroq evakuatsiya rejasini ishlab chiqishi mumkin edi”, deydi harakat vakili.
Avvalroq, "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. O‘sha kuni Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi