G‘arb va Ukraina Rossiyaga qishgacha tinchlik rejasini taklif qilmoqchi – “Reuters”

Olam

−

image

AQSH, Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari Ukrainadagi urushni qishgacha to‘xtatish bo‘yicha yagona reja ishlab chiqish va uni Rossiyaga taqdim etish masalasini muhokama qildi. Tomonlar yaqin haftalarda umumiy taklifni kelishib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda muzokaralardan xabardor manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Manbaning aytishicha, kecha, 9 oktyabr kuni AQSHning Mayami shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya va Yevropa o‘rtasida uzoq muddatli tinchlikni ta’minlaydigan yangi xavfsizlik tizimini yaratish masalasi ko‘rib chiqilgan. Muzokaralarda hududiy masalalar bo‘yicha ham ayrim takliflar muhokama qilingan. Biroq manba bu takliflarning tafsilotlarini ochiqlamagan.

Olti soat davom etgan uchrashuvda AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, uning kuyovi Jared Kushner, Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari hamda NATO vakillari qatnashgan.

“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralarda Ukrainaga AQSH va Yevropa tomonidan beriladigan xavfsizlik kafolatlari hamda mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istiqbollari ham muhokama qilingan. Tomonlar ushbu masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyani ishlab chiqib, Rossiyaga taqdim etmoqchi.

Avvalroq, Stiv Uitkoff Mayamidagi uchrashuvda Ukrainadagi urushni qishgacha yakunlash yo‘llari muhokama qilinganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda qishga tayyorgarlik, g‘alla eksporti, Ukrainaga uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini berish va mamlakatni qayta tiklash masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Shu kuni, 9 oktyabrda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot qilgan. Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, suhbat davomida Putin Ukraina bilan muzokaralarni qayta boshlash masalasiga ham to‘xtalgan.

Ushakovning aytishicha, Putin Rossiyada Davlat dumasi saylovi o‘tkazilgan paytda Ukraina tomonidan hujumlar uyushtirilganini vaj qilib, Kiyev bilan muzokaralarni qayta boshlash muddatini qo‘shimcha ravishda ko‘rib chiqishini bildirgan.

“Saylovlarimizni izdan chiqarishga urinishlar, ovoz berishning asosiy kunida Moskva, boshqa shaharlar va saylov uchastkalariga, shuningdek, saylovlarni tashkil etish bilan bog‘liq ayrim shaxslarga dronlar yordamida misli ko‘rilmagan darajada ommaviy zarbalar berish orqali Kiyev rejimi, mohiyatan, muzokara jarayonini zudlik bilan qayta boshlash imkoniyatini barbod qildi”, degan Ushakov Putin nomidan.

Rossiya tomoni avval ham Ukraina bilan tinchlik muzokaralariga tayyorligini bir necha bor bildirgan. Putin iyun oyida Moskva Istanbulda erishilgan kelishuvlar asosida muzokaralar olib borishga tayyorligini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatishning to‘rtta varianti mavjudligini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing