“Tolibon”ga qarshi harakat dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin — KXSHT bosh kotibi
Olam
−
24 avgust 2021
16524Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) Bosh kotibi Stanislav Zas “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatish maqsadida yuzaga kelayotgan “o‘choq”lar Afg‘onistonda uzoq muddatli fuqarolar urushiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
“Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatish “o‘choq”lari nafaqat Afg‘oniston, balki uning atrofidagi katta mintaqa xavfsizligi uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga sabab bo‘ladigan uzoq muddatli fuqarolar urushining rivojlanishiga olib kelishi mumkin degan qo‘rquvlar bor”, deydi Zas.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” rahbariyatining ichki va tashqi siyosatidagi yondashuvlar bo‘yicha ayrim ijobiy bayonotlar bor.
“Shu bilan birga, “Tolibon” rahbariyati vakillarining Afg‘onistondagi barcha millatlarning intilishlari va manfaatlarini aks ettiruvchi koalitsion hukumat tuzishga ko‘maklashish haqidagi va’dalari hali amaliy bosqichga o‘tmaganligi jiddiy tashvish tug‘diradi”, deb ta’kidlagan Zas.
KXSHT Bosh kotibi mamlakatda qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidlagan.
“Bu mamlakatda yana qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik va nazoratsiz qochqinlar oqimining oldini olish, diniy fundamentalizm g‘oyalari targ‘ibotining oldini olish uchun muloqot o‘rnatishga harakat qilish kerak”, degan u.
Zas Afg‘oniston ichidagi mojaro tarafdorlarini muloqot o‘rnatishga va Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida harbiy qarama-qarshilikni to‘xtatishga chaqirgan.
“Albatta, biz bu qarama-qarshilikni to‘xtatishga, Afg‘oniston ichida muloqot o‘rnatishga va Afg‘onistonda yashaydigan barcha millat va jamiyatlarning manfaatlarini inobatga olgan holda davlat hokimiyatini qurishga chaqiramiz. Hozir shimoliy viloyatlar va “Tolibon” o‘rtasida yuzaga keladigan qarama-qarshilik afg‘on xalqi va butun mintaqa uchun eng dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu qarama-qarshilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsa qilish kerak”, degan u.
Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat
Ushbu viloyat Afg‘onistonning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.
Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum. Panjsherda allaqachon "Shimoliy alyans" bayrog‘i ko‘tarilgan.
"Tolibon" pozitsiyalariga qarshi hujumga o‘tgan qarshilik kuchlari bir qancha tumanlarni egallashga ham muvaffaq bo‘ldi.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi