“Tolibon” faollashuvi ortidan Afg‘onistonda tinch aholining o‘limi rekord darajaga yetdi

Olam

image

So‘nggi olti oy davomida Afg‘onistonda jangovar harakatlarning kuchayishi oqibatida 1600 dan ziyod tinch aholi halok bo‘ldi va 3254 kishi turli darajadagi tan jarohati oldi. Bu haqda Kobulda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu mamlakatdagi missiyasi (UNAMA) tomonidan tarqatilgan xabarda aytilgan. 

“2021 yilning birinchi yarmida Afg‘onistonda jarohat olgan tinch aholi soni rekord darajaga yetdi, shu jumladan may oyidan e’tiboran xalqaro qo‘shinlar olib chiqila boshlangandan va “Tolibon” hujumga o‘tgandan beri qotillik va jarohatlar keskin oshdi. Bu esa jangovar harakatlarning kuchayishiga olib keldi. 2021 yilning birinchi yarmida 1 659 qotillik sodir bo‘lgan va 3 254 nafar tinch aholi yaralangan, bu 2020 yilning shu davriga nisbatan 47 foizga ko‘p”, deyilgan xabarda. 

UNAMA’ga ko‘ra, 1 maydan beri halok bo‘lgan va yaralangan tinch aholi sonining keskin ko‘payishi jiddiy xavotirga sabab bo‘lmoqda. 

“Men “Tolibon” va Afg‘oniston rahbarlarini mojaroning dahshatli trayektoriyasiga va uning tinch aholiga halokatli ta’siriga e’tibor berishga chaqiraman”, degan UNAMA rahbari, BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Debora Layons. 

UNAMA zo‘ravonlikda birinchi navbatda hukumatga qarshi kuchlar, “Tolibon” va “Islom davlati” guruhini ayblagan. Unga ko‘ra, javobgarlikning qolgan qismi Afg‘onistondagi armiya, xavfsizlik kuchlari va hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarga tegishli. 

Ma’lumot o‘rnida, shunga o‘xshash hisobotlar 2009 yildan beri tuzilib kelinmoqda. UNAMA “Tolibon” va hukumatni “muzokaralar stoli oldidagi harakatlarni kuchaytirishga, afg‘onlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni to‘xtatishga, afg‘on xalqini himoya qilishga va ularga yaxshi kelajakka umid berishga” chaqirgan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

88

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing