“Tolibon” aytganini qildi. Afg‘on amaldorlaridan biri o‘ldirildi
Olam
−
06 avgust 2021
39622Afg‘oniston hukumatining axborot markazi rahbari Davaxon Minapal bugun, 6 avgust kuni Qobulda noma’lum shaxslar tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda manbalarga tayangan holda 1TV xabar bermoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, qotillik Afg‘onistondagi Rossiya elchixonasi oldida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, “Tolibon” harakati vakillari Afg‘oniston hukumati axborot markazi rahbarining o‘ldirilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.
Minapalning o‘ldirilganini mamlakat Ichki ishlar vazirligi ham tasdiqlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, marhum avval Prezident matbuot kotibi lavozimida ishlagan.
Avvalroq, toliblar Afg‘onistondagi eng obro‘li shaxslardan biri, asli o‘zbek Marshal Abdul Rashid Do‘stumning ushbu shaharda joylashgan uyini yoqib yuborgani haqida xabar bergandik.
Eslatib o‘tamiz, toliblar vakili Zabihulla Mujohid “Tolibon” harakati afg‘on amaldorlariga hujumlarni davom ettirishini ma’lum qilgandi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi