Rasmiy Dushanbe afg‘on harbiylari Tojikistonga qochib o‘tganini ma’lum qildi
Olam
−
22 iyun 2021
36294Avvalroq “Tolibon” harakati Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegarada joylashgan Sherxon shahrini, shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi Sherxon-Bandar bojxona va savdo o‘tish punktini ham egallagab olgani haqida xabar bergan edik.
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) toliblarning Sherxon-Bandar nazorat-o‘tkazish punktiga qilgan hujumiga izoh berdi. Tojikiston MXDQ tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyatni keskin, deb baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, toliblarning hujumi oqibatida Afg‘oniston Islom Respublikasi (AIR) harbiylari yaralangan va o‘ldirilgan, omon qolgan 130 dan ortiq harbiy xizmatchilar esa Tojikistonga qochib o‘tgan.
Tojikiston chegara qo‘shinlarining xabar berishicha, 21 iyun kuni “Tolibon” harakatining qurolli guruhi Afg‘onistonning Qunduz viloyatidagi Sherxon-Bandar chegara punktiga hujum qilgan.
“22 iyun kuni soat 9:00 ga qadar davom etgan qurolli to‘qnashuv natijasida hujumga dosh berolmay, AIR hukumati qo‘shinlarining 134 nafar harbiy xizmatchilari Panj chegara otryadining 3 va 4 sonli postlari orqali Tojikiston Respublikasiga chekinishga majbur bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Tojikiston chegarachilari insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini inobatga olgan holda, davlat chegarasini buzgan afg‘on harbiylariga Tojikiston hududiga erkin kirishga ruxsat bergan.
Faollashib qolgan “Tolibon”
Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.
Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida, Sherxon-Bandar bojxona posti — Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi muhim savdo va qayta yuklash punkti, u orqali Tojikistonning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan, shu jumladan Pokiston hamda Erondan keladigan yuklari o‘tadi.
Joriy yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, Afg‘onistonning 50 foizini (34 ta provinsiyaning 17 tasi) “Tolibon” harakati nazorat qilmoqda.
So‘nggi bir oy ichida u “Tolibon” kuchlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Faryob, Juzjon va Sari-Pul hududlarida kurash olib borgandi.
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida “Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Faryob provinsiyasining Davlat Obod, Qaysar va Ghor provinsiyasining Shahrek hamda Uruzgan provinsiyasining Gizob tumanlarini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi
26 noyabr