“Tolibon” Tojikiston uchun muhim bojxona postini jangsiz egalladi
Olam
−
22 iyun 2021
38258Bugun, 22 iyun kuni “Tolibon” harakati Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegarada joylashgan Sherxon shahrini jangsiz egalladi. Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi Sherxon-Bandar bojxona va savdo o‘tish punkti ham toliblar qo‘liga o‘tdi. Bu haqda “Aziya-Plyus” Afg‘onistonning “Pajvok” axborot agentligi muxbiri Ajmal Kokarga tayanib xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, toliblar Sherxon-Bandarni egallab olgan, natijada Afg‘oniston hukumat kuchlarining bir qismi “Tolibon” harakatiga taslim bo‘lgan, boshqalari esa Tojikistonda boshpana topgan. Qayd etilishicha, Tojikistonga qochib o‘tganlar orasida afg‘onistonlik mahalliy amaldorlar ham bor.
Tojikiston tomoni bu borada hali rasmiy izoh bermagan.
Ma’lumot o‘rnida, Sherxon-Bandar bojxona posti — Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi muhim savdo va qayta yuklash punkti, u orqali Tojikistonning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan, shu jumladan Pokiston hamda Erondan keladigan yuklari o‘tadi.
Ushbu chegara posti Tojikistonning Xatlon viloyati Panj tumani hamda Afg‘onistonning Qunduz viloyatining Imom Sohib tumani chegarasida joylashgan. Kecha, 21 iyun kuni Imom Sohib tumanining o‘zi ham toliblar qo‘liga o‘tgandi.
Manbaga ko‘ra, ayni vaqtda ushbu savdo va bojxona nazorat punkti orqali barcha transport harakati to‘xtatilgan hamda Qunduz viloyati atrofida janglar davom etmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 21 iyun kuni Sherxon-Bandardagi ba’zi rasmiylar Afg‘oniston markaziy hukumatini ushbu muhim chegara o‘tish joyi xavf ostidaligi va qo‘lga olinishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, 20 iyun kuni Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati rahbari Yodgor Fayzov chegaradagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazgandi.
“Afg‘oniston bilan chegaradagi xavfli vaziyat ichki barqarorlikni himoya qilish zarurligidan dalolat beradi. Agar davlat chegarasi xavf ostida qolsa, biz mamlakatni himoya qilamiz va hujum qilganlarga javob beramiz”, deydi Yodgor Fayzov.
Faollashib qolgan “Tolibon”
So‘nggi bir oy ichida u “Tolibon” kuchlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Faryob, Juzjon va Sari-Pul hududlarida kurash olib borgandi.
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida “Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Faryob provinsiyasining Davlat Obod, Qaysar va Ghor provinsiyasining Shahrek hamda Uruzgan provinsiyasining Gizob tumanlarini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi