Marshal Do‘stumning toliblarga qarshi jangda yaralanib, Afg‘onistonni tark etgani aytilmoqda
Olam
−
21 iyun 2021
56053Marshal Abdul Rashid Do‘stumning bazalaridan biri joylashgan Faryob viloyatining ma’muriy markazi Maymanadan kelgan xabarlarga ko‘ra, o‘zbek genereli Afg‘onistonni harbiy vertolyotda tark etdi. Bu haqda “Sputnik” yozmoqda.
Xabarga ko‘ra, marshalning nega Afg‘onistonni tark etgani bo‘yicha aniq ma’lumot mavjud emas. Taxmin qilinishicha, Abdul Rashid Do‘stum qandli diabet xastaligi tufayli koronavirusdan qiynalib, professional davolanishga ehtiyoj sezgan va shu tufayli afg‘onni tark etgan. Boshqa taxmin ham mavjud. Unga ko‘ra, marshal Do‘stum toliblarga qarshi jangda yaralangan.
Nashrning yozishicha, marshalning qarindoshlari Afg‘oniston Mudofaa vazirligi tomonidan u vertolyotda Toshkentga, u yerdan esa Turkiyaga olib ketilganini tasdiqlagan.
Biroq, Afg‘oniston Ijtimoiy ishlar vaziri va marshalning yaqin do‘sti Bashir Ahmad Tayanjning aytishicha, Do‘stum Antaliyadagi Diplomatik forumda qatnashish uchun Turkiyaga uchib ketgan.
“Bunday mish-mishlar zararli. Mening bilishimcha, marshal Do‘stum rasmiy ravishda [Afg‘onistonning] Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla, Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar va Islom jamiyati raisi Salohuddin Rabboniy bilan birga [Antaliyadagi] tadbirga taklif qilingan”, deydi afg‘onistonlik siyosatchi.
Turkiyada bo‘layotgan forumning rasmiy veb-saytida xabar qilinishicha, tadbir 18 iyun kuni Antaliyada 50 dan ortiq davlat rahbarlari, Bosh vazirlar, Tashqi ishlar vazirlari va mintaqaviy hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, ekspertlar, shuningdek ishbilarmon doiralar ishtirokida boshlangan.
Biroq, ushbu forum ishtirokchilari ro‘yxatida Marshal Do‘stumning ismi yo‘q.
Marshal Abdul Rashid Do‘stum — Afg‘oniston Milliy Islomiy Harakatining yetakchisi, etnik o‘zbek, Afg‘onistondagi o‘zbek va turkman diasporalarining rahbari, zamonaviy afg‘on siyosatining eng nufuzli shaxslaridan biri.
Faollashib qolgan “Tolibon”
So‘nggi bir oy ichida u “Tolibon” kuchlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Faryob, Juzjon va Sari-Pul hududlarida kurash olib borgandi.
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida “Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Faryob provinsiyasining Davlat Obod, Qaysar va Ghor provinsiyasining Shahrek hamda Uruzgan provinsiyasining Gizob tumanlarini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi