“Tolibon” AQSHga “qizil chiziq”ni ko‘rsatdi

Olam

image

“Tolibon” AQSH qo‘shinlarining ikki tomonlama shartnomalarda belgilangan muddat — 31 avgustdan keyin ham Afg‘onistonda qolishini “istiloning davomi”, deb hisoblaydi.  

“Bu tegishli “oqibatlar”ga olib kelishi mumkin. Bu “qizil chiziq”. Prezident Bayden 31 avgustda barcha harbiy kuchlarini olib chiqib ketishini e’lon qildi. Shuning uchun, agar ular Afg‘onistonda bo‘lish vaqtini uzaytirsa, bu ularning istiloni kengaytirayotganini anglatadi, bunga esa zarurat yo‘q”, degan toliblarning siyosiy idorasi vakili Muhammad Suhayl Shohin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “Tolibon” va AQSH o‘rtasida “ishonchsizlik”ni keltirib chiqarishi mumkin. 

“Agar ular istiloni davom ettirish niyatida bo‘lsa, bu reaksiyaga sabab bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan Shohin. 

Avvalroq, Jo Bayden Afg‘oniston fuqarolari to‘liq evakuatsiya qilinmaguncha Amerika harbiylari mamlakatda qolishini aytib o‘tgandi. 

Bayden 65 ming chet ellik va mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan afg‘onlarni evakuatsiya qilishdagi qiyinchiliklar tufayli Qobul aeroportiga havo portini qo‘riqlash uchun yana 5 ming amerikalik askar yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. O‘sha kuni Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.

Afg‘onistonda hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tishi bilan, mamlakatni tark etishni istovchilar soni keskin oshib ketdi. Bu esa Qobul aeroportida vahima va taloto‘plarni yuzaga keltirdi. Sarosimaga tushgan afg‘onistonliklar aeroportni boshiga ko‘tarib, duch kelgan samolyotga osildi. Ushbu holatda amerikalik harbiylar dastlab, havoga, keyin odamlarga qarata o‘q uzishgacha borgan. Oqibatda bir necha kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Bundan tashqari, uchib ketayotgan samolyot kuzoviga osilgan afg‘onistonliklarning yiqilib o‘lishi holatlari ham kuzatildi.

Avvalroq, so‘nggi bir haftada Qobul aeroportidagi evakuatsiya jarayonlarida kamida 20 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergandik.  


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tolibon

Baholaganlar

449

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing