“Tolibon” Afg‘onistonning yangi konstitutsiyasini tayyorladi
Olam
−
18 Sentabr 2021
8943“Tolibon” harakati Afg‘onistonning yangi asosiy qonuni loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda “Tolibon” ishlab chiqqan Konstitutsiya nusxasini qo‘lga kiritgan “Aamaj News” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, “Tolibon”ning Konstitutsiya loyihasida Afg‘oniston Islom Amirligining asosiy prinsiplari o‘z aksini topgan. Hujjat 12 bob va 179 banddan iborat. Unda qonunlar va siyosat faqat hanafiylik yurisprudensiyasiga asoslanishi ko‘rsatilgan. Barcha afg‘on fuqarolari hech bir ayirmachiliksiz, teng huquqli, deb e’lon qilinadi.
Hujjatga ko‘ra, hukumat islom ilmini rivojlantiradi va diniy maktablar tashkil qiladi. Yangi afg‘on hukumatining bayrog‘i oq rangda bo‘ladi. Pushtu va dari tillari mamlakatning rasmiy tili bo‘ladi. O‘rta maktabda arab tili o‘qitiladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH tarixida eng uzoq – 20 yil davom etgan harbiy operatsiya joriy yilining 31 avgust kuni yakunlandi. Ahamiyatlisi, amerikaliklar mamlakatni tark etishga ulgurmasidan joriy yilning 15 avgust kuni "Tolibon" harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi.
Prezident Ashraf G‘ani boshliq AQSH etovidagi hukumat ag‘darildi. Prezident G‘ani mamlakatdan qochib ketdi. Hozirda Afg‘onistonda "Tolibon" bilan faqatgina Milliy qarshilik fronti kurashmoqda. Toliblar qarshilik kuchlarining markazi bo‘lgan Panjsher viloyatiga ham kirib borishdi.
Joriy yilning 7 sentyabr kuni "Tolibon" harakati Afg‘onistonni boshqaradigan vaqtinchalik hukumat tuzilganini e’lon qildi. Uning tarkibiga faqatgina "Tolibon" a’zolari kiritildi. Oradan ko‘p o‘tmay, toliblar Afg‘onistonning doimiy hukumatini shakllantirish uchun olti oydan keyin saylov o‘tkazishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.
LiveBarchasi