“Tolibon” Afg‘onistonning O‘zbekiston va boshqa davlatlardan qarzini uzish yo‘lini topdi

Olam

image

Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) energetika korporatsiyasi elektr energiyasi bo‘yicha qarzlarini to‘lash uchun hokimiyatdan ag‘darilgan amaldorlarning mulkini sotishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniyaning ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi Safiulla Ahmadzay ma’lum qilgan. 

“Vaqtinchalik hukumat tomonidan protsedura tugallangach va tasdiqlangandan so‘ng, kompaniya Afg‘onistonni tark etgan qarzdorlar va amaldorlarning mol-mulkini sotishni boshlaydi”, degan u. 

Shu bilan birga, DABS’ning sobiq direktori Omonulla G‘olibning ta’kidlashicha, taklif qilingan chora mavjud muammoni faqat qisqa muddatga hal qila oladi. 

“Pul miqdori elektr energiyasi uchun qarzni qisman to‘lash uchun yig‘iladi. Lekin oxir-oqibat korporatsiya oldida turgan muammolarni hal qilmaydi”, degan u. 

Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonning O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan elektr energiyasi uchun qarzi qariyb 62 million dollarga yetgan. Shu bilan birga, avvalgi hukumat qulaganidan so‘ng, elektr energiyasi sohasidagi daromadlarni yig‘ish 70 foizga kamaygani qayd etilgan. Shu munosabat bilan kompaniya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi yordam missiyasiga murojaat qilib, qarzni to‘lashga yordam berishni so‘ragan. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov har ikki davlat Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishda, jumladan, elektr energiyasini yetkazib berishda davom etishini ma’lum qilgan.

Avvalroq, Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston poytaxti Qobulga elektr energiyasi yetkizib berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Keyinchalik, DABS Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib beradigan davlatlar – O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan elektr energiyasini o‘chirmaslikni so‘ragandi va qarzni to‘lashga va’da bergandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston elektr qarz

Baholaganlar

1245

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing