“Tolibon” Afg‘onistonning Badgis viloyati markazini egallab oldi
Olam
−
07 iyul 2021
6517“Tolibon” harakati jangarilari Afg‘onistonning Badgis viloyatining ma’muriy markazi Kalayi-Nau shahri uchun jang olib bormoqda. Bu haqda viloyat gubernatori Hesamuddin Shamsga asoslanib xabar berilgan.
“Dushman shaharga kirdi, barcha tumanlar vayron bo‘ldi. Shaharda janglar boshlandi”, degan Shams.
Uning aniqlik kiritishicha, toliblar viloyat politsiyasi shtab-kvartirasi va Xavfsizlik milliy boshqarmasining mahalliy bo‘linmasi (Afg‘oniston razvedka xizmati) ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olgan. Bundan tashqari, boshqarma xodimlarining bir qismi kecha, 6 iyul kuni “Tolibon”ga taslim bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, Kalayi-Nau shahri uchun kurash Eron poytaxti Tehronda bo‘lib o‘tayotgan Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” o‘rtasidagi muzokaralar fonida boshlangan.
Avvalroq, “Tolibon” harakati rahbarlari bir oy ichida rasmiy Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik shartnomasi tuzishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandik.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH o‘z qo‘shinlarining 90 foizini, allaqachon, Afg‘onistondan olib chiqib ketdi. Bundan tashqari, Italiya va Germaniya ham ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqib ketgan. Xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi “Tolibon” harakatiga ustunlik bermoqda va ular birin-ketin mamlakat tumanlarini egallab kelmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning 50-70 foizi toliblar qo‘lida.
Bu esa o‘z navbatida Afg‘oniston hukumati qo‘shinlariga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ular toliblarga qarshi jangda vaqti-vaqti bilan chekinishga va hatto, qo‘shni O‘zbekiston hamda Tojikiston hududlariga qochib o‘tishga ham majbur bo‘lmoqda.
Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan. Kecha, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.
LiveBarchasi