“Tolibon” Afg‘onistonning 39 ta elchixonasini nazorat qilyapti
Olam
−
19 Sentabr
3126“Tolibon” G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan avvalgi tuzumni qulatib, hukumat tepasiga kelgandan buyon dunyo bo‘ylab 39 ta afg‘on elchixonalari va konsulliklarini o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, hech bir xalqaro hukumat “Tolibon” ma’muriyatini rasman tan olmagan bo‘lsa-da, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari o‘z poytaxtlarida uning elchilarini rasman qabul qilgan. Ko‘plab G‘arb davlatlari, xususan, Qo‘shma Shtatlar “Tolibon” ayollar huquqlari bo‘yicha yo‘nalishni o‘zgartirmaguncha, o‘rta maktablar va universitetlarni qizlar va ayollar uchun qayta ochmaguncha va ularga to‘liq erkinlik bermaguncha hukumatni rasman tan olmasligini ma’lum qilgan.
“Tolibon” bir qancha elchixonalarga, jumladan Abu-Dabi va Pekinda o‘z elchilarini hamda qo‘shni Pokistonda muvaqqat ishlar vakilini tayinladi. Ayrim missiyalarda esa avvalgi hukumat davrida tayinlangan diplomatlar “Tolibon” rasmiylari bilan ishlamoqda.
“39 ta elchixona va diplomatik ishlar markaziy organga, ya’ni tashqi ishlar vazirligiga bo‘ysunadi”, deydi “Tolibon” tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy.
Muttaqiy ko‘ra, u boshchiligidagi vazirlik so‘nggi bir yil ichida Turkiya, Rossiya, Eron va Pokiston kabi 11 davlatga o‘nlab diplomatlarini yuborgan. U Afg‘oniston shu hafta O‘zbekistonga yangi elchisini yuborishini va Rossiya tez orada “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishini kutayotganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyida “Tolibon” tomonidan Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasiga elchi etib tayinlangan Mug‘furulloh Shahob oldingi hukumat davrida elchilikka tayinlangan Ahmad Xolid Ilmiyning o‘rnini egallagan. Biroq aprel oyida Mug‘furulloh Shahob o‘rniga Abdul G‘affor Bahr elchi etib tayinlandi. Avgust oyida esa “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vazirligining uchinchi siyosiy departamenti direktori Zokir Jaloliy Afg‘onistonning O‘zbekistondagi rasmiy elchisi sifatida Abdulg‘ofar Tiraviy tanishtirilganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari “Tolibon” nazoratidagi Afg‘onistonda konsulligini qayta ochish imkoniyatini o‘rganayotgani xabar qilingan edi. Shu oy boshida esa Britaniya hukumati Afg‘oniston sobiq hukumati tomonidan tayinlangan mamlakat elchixonasini yopish to‘g‘risida afg‘on diplomatlarini xabardor qildi.
LiveBarchasi