Jangarilari raqsga tushishni do‘ndirgan “Tolibon” musiqani taqiqlamoqchi

Olam

image
AQSH “Tolibon” yetakchisi haqidagi ma’lumot uchun mukofot va’da qilgani ma’lum bo‘ldi north_east

AQSH “Tolibon” yetakchisi haqidagi ma’lumot uchun mukofot va’da qilgani ma’lum bo‘ldi

“Tolibon” harakati Afg‘onistonda jamoat joylarida musiqa ijro etilishini taqiqlamoqchi. Bu haqda guruhning rasmiy vakili Zabihulla Mujohid “The New York Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.  

“Musiqa islomda taqiqlangan”, degan Mujohid. 

Unga ko‘ra, toliblar bu borada bosim o‘tkazmaydi, balki aholiga bunday ishlarni qilmaslikni tushuntirishga urinadi. Mujohid, shuningdek “Tolibon” ularga qarshi bo‘lganlardan qasos olishni boshladi, deya keng tarqalgan vahimali xabarlarni rad etgan. 

Afg‘on jamiyatidagi ayollar huquqlarining kelajagi haqida so‘ralganda, u ayollar uzoq muddatda o‘z kundalik faoliyatlariga qaytishi mumkinligini aytgan. 

Bundan tashqari, Mujohid xorij pasporti va viza bilan mamlakatni tark etishga urinayotgan afg‘onistonliklar aeroportga bemalol kira olishiga ishontirgan. 

U, shuningdek oldin AQSH armiyasida ishlagan barcha tarjimonlar va boshqalarning xavfsizligini kafolatlagan. 

Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda “Tolibon” jangarilarining Qobul shahrini egallaganidan keyin zamonaviy musiqa sadolari ostida raqsga tushib, madaniy hordiq chiqarayotgani aks etgan videolar tarqalgandi.

Avvalroq, Mujohid G‘arb davlatlari Afg‘onistondan o‘z fuqarolari bilan birgalikda mahalliy malakali mutaxassislarni ham evakuatsiya qilayotganidan shikoyat qilgani haqida xabar bergandik.  

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

196

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing