“Tolibon” Afg‘oniston shimolidagi ikki viloyat markazini egalladi
Jamiyat
−
11 avgust 2021
9360“Tolibon” harakati Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Bog‘lon viloyati markazi Puli-Xumri va Badaxshon viloyati markazi Fayzobod shahrini o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda harakat vakili Zabihulla Mujohid ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, toliblar provinsiya ma’muriy markazi, politsiya qarorgohi, mahalliy razvedka boshqarmasi va boshqa idoralarni egallagan. Ular afg‘on armiyasining qolgan harbiylarini siqib chiqarishni davom ettiryapti.
“Tolo News” telekanali hukumat kuchlari shaharni tark etganini ma’lum qildi.
Badaxshon markazi Fayzobod esa bugun, 11 avgust kuni kechasi “Tolibon” jangarilari tomonidan egallangan.
“Kecha tunda hal qiluvchi va tizimli operatsiyada Badaxshon viloyati markazi Fayzobod qo‘lga olindi. Toliblar hokim qarorgohini, politsiya shtabini, razvedka idorasini va barcha davlat idoralarini nazorat qilmoqda”, degan Zabihulla Mujohid.
“Tolibon” vakilining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi 34 viloyat markazidan 9 tasi harakat nazoratida bo‘lib turibdi. Nimro‘z, Juzjon, Sari-Pul, Qunduz, Taxor, Samangan, Farax, Bog‘lon va Badaxshon viloyatlari markazini egallagan.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15