“Tolibon” hujumlari fonida qancha afg‘on qochqinga aylangani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Afg‘onistondagi harbiy harakatlar tufayli joriy yilning may oyidan beri qariyb 390 ming kishi uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Afg‘onistonning “Ariana News” telekanali BMT ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, faqat oxirgi ikki kun ichida 5 800 ga yaqin afg‘onistonlik mamlakat shimolidagi viloyatlardan Qobulga qochgan. Ular xiyobonlarga joylashtirilgan. Qochqinlarning hammasiga yordam kerak, jumladan, oziq-ovqat va dori-darmonlar.

Qayd etish kerakki, afg‘onistonliklar sarson bo‘lishining asosiy omili mamlakatdagi “Tolibon” radikal harakati nomi bilan bog‘liq. Gap shundaki, AQSH qo‘shinlari joriy yilning may oyidan boshlab Afg‘onistonni tark etishni boshladi.

Qulay siyosiy vaziyatdan foydalangan toliblar mamlakat hududlarini birin-ketin egallab kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida minglab tinch aholining jon saqlash maqsadida qochqinga aylanishiga sabab bo‘lmoqda. Afg‘on xalqi nafaqat mamlakat ichida ko‘chib yuribdi, balki ularning katta qismi Turkiya, Eron va Yevropa davlatlariga ketmoqda.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda “Tolibon” Afg‘onistondagi bir necha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni, jumladan mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri — Qandahor, G‘azni va Hirotni egallab oldi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

61

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing