“Tolibon” hukumatini tan olish masalasi kun tartibida – Komilov 

Jamiyat

image
Biz bunga yaqinlashyapmiz – Putin “Tolibon”ni tan olish haqida north_east

Biz bunga yaqinlashyapmiz – Putin “Tolibon”ni tan olish haqida

Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” hukumatini tan olish masalasi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining kun tartibida turibdi. Biroq, toliblar Afg‘onistonda terrorizmga qarshi kurashish haqidagi va’dalarini bajarishi kerak. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bir qator rus OAV vakillari bilan bo‘lgan suhbatda ma’lum qildi

“Tolibon” hukumatini tan olish masalasi, albatta, kun tartibida. Biz ittifoqchilarimiz va sheriklarimiz bilan birgalikda bu tomon harakat qilamiz. Ammo “Tolibon” oldiga qo‘yilgan shartlar shunchalik jiddiyki, ularga yolg‘iz munosabat bildirish juda xavflidir... Afg‘onistonda terrorchilik faoliyatining saqlanib qolishiga va toliblarning bunga qarshi yetarlicha kurashmasligiga ko‘z yuma olmaymiz”, deydi TIV rahbari.

Shuningdek, Komilov O‘zbekiston Afg‘onistondan qochqinlarni qabul qilish uchun maxsus joylar yaratishni rejalashtirmayotganini, chunki bunga ehtiyoj yo‘qligini ma’lum qilgan.

“Qochqinlar oqimi yo‘q, qochqinlar umuman yo‘q. Biz avvalboshidan qochqinlarni qabul qilmasligimizni aytgandik”, deydi Komilov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” harakati chegarada qochqinlar oqimining oldini olishga yordam bergan: 

“Toliblar ularni ishontirishdi. Uyga qaytib, tinch-totuv yashashni aytishdi. Shundan keyin deyarli hech kim chegarani noqonuniy kesib o‘tishga urinmadi”.

Shu bilan birga, Komilov O‘zbekiston xavf ostida bo‘lganlarni Afg‘onistondan uchinchi davlatlarga olib ketishda yordam ko‘rsatganini va bundan keyin ham ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 22 oktyabr kuni Tashqi ishlar vaziri bir qator rus OAV, jumladan “Perviy kanal”, “Rossiya 24”, NTV, TASS, “Kommersant’” va “Komsomolskaya pravda” kabi nashr hamda telekanallar vakillari bilan Toshkentda TIV binosida matbuot anjumani o‘tkazdi va ularni qiziqtirgan savollarga 2 soatdan ortiq javob berdi. 

Ushbu matbuot anjumani doirasida O‘zbekiston TIV rahbari “Tolibon” mafkurasining O‘zbekistonga yoyilishi hamda AQSH harbiylarini mamlakatga joylashtirish borasidagi savollarga ham javob berdi. 

“Tolibon” Afg‘oniston hokimiyatini egalladi

Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi

Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, chet davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan kelayotgan yordam to‘xtab qoldi. Bundan tashqari, minglar afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.

Shunday bir davrdan jahon hamjamiyati Afg‘onistonni bee’tibor qoldirmoqchi emas. Bunday xatoga dunyo yetakchilari avval yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatlari ayniqsa AQSHning esidan chiqmaydi. Afg‘oniston terrorchi guruhlar uyasiga aylanmasligi uchun jahon yetakchilari “Tolibon” bilan ishlamoqchi, hatto ushbu harakat BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan bo‘lsa ham.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

58

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing