“Bunga ehtiyoj yo‘q”. Komilov AQSH harbiylarini O‘zbekistonga joylashtirish haqida 

Jamiyat

image
“Tolibon” g‘oyalari O‘zbekistonga yoyilishi mumkinmi? So‘z Komilovga north_east

“Tolibon” g‘oyalari O‘zbekistonga yoyilishi mumkinmi? So‘z Komilovga

O‘zbekiston AQSH harbiylarini o‘z hududiga joylashtirishga ehtiyoj sezmayapti, Vashington bu pozitsiyani tan oladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlari vaziri Abdulaziz Komilov bugun, 22 oktyabr kuni bir qator rus OAV vakillari bilan suhbatda ta’kidladi.

Qayd etish kerakki, bugun, 22 oktyabr kuni Tashqi ishlar vaziri bir qator rus OAV, jumladan “Perviy kanal”, “Rossiya 24”, NTV, TASS, “Kommersant’” va “Komsomolskaya pravda” kabi nashr hamda telekanallar vakillari bilan Toshkentda TIV binosida matbuot anjumani o‘tkazdi va ularni qiziqtirgan savollarga 2 soatdan ortiq javob berdi. 

Abdulaziz Komilov AQSH harbiylarini O‘zbekiston hududiga joylashtirish ehtimoli haqidagi savolga quyidagicha javob berdi:

“Bugungi kunda haqiqat shuki, bunga ehtiyoj yo‘q”.

Tashqi ishlar vazirining qo‘shimcha qilishicha, 2002 yilda imzolangan O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda 2018 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifidan keyin qabul qilingan qo‘shma bayonotda o‘zaro hamkorlikning strategik yo‘nalishlari bilan birgalikda, o‘zaro munosabatlarning chegaralari ham belgilab olingan.

“Ko‘p yillik siyosiy maslahatlashuvlar davomida, ko‘plab jiddiy uchrashuvlar vaqtida amerikaliklarga ma’lumot berildi va ular buning deyarli barchasini tushunishadi, siz aytayotgan narsalar O‘zbekiston uchun mutlaqo nomaqbul ekanligini tan olishadi. Ular (ushbu mavzu – tahr.) amalda ko‘tarilmaydi va muhokama qilinmaydi”, deya ta’kidlagan TIV rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Amerikaning “Politico” nashri Pentagon rasmiylari O‘zbekistonga aksilterror kuchlarini joylashrish bo‘yicha muzokara o‘tkazishi haqida xabar tarqatgandi. Bunga javoban O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Pentagon vakillarining respublikaga tashrifi bo‘yicha rasmiy so‘rov olmaganliklari haqida xabar bergandi.

Shuningdek, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSH harbiy kuchlarini O‘zbekistonga joylashtirish muhokama mavzusi emasligini ma’lum qildi.

Biroq, keyinroq AQSHning O‘zbekistondagi muhtor elchisi Daniyel Rozenblum o‘zining Twitter’dagi sahifasida Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirining maxsus operatsiyalar va past darajadagi nizolar bo‘yicha yordamchisi Kristofer Mayer O‘zbekistonda chegara xavfsizligi masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qildi

Shu o‘rinda, 2012 yilda qabul qilingan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi va mudofaa to‘g‘risidagi qonunni eslab o‘tish kerak. Bu ikki muhim hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishi mumkin emas. Bundan tashqari, Respublika hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga ham qo‘shila olmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

174

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing