“Tolibon” hokimiyatga kelgandan beri Afg‘onistonda BMTning 40 ga yaqin xodimi halok bo‘ldi
Olam
−
21 avgust 2023
3416Afg‘onistonda 2021 yil avgust oyida “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri Birlashgan Millatlar Tashkiloti Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining kamida 38 nafar xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Daniel Endres ma’lum qildi.
Uning aytishicha, BMT xodimlari afg‘on bolalarini poliomiyelitga qarshi emlash va minalardan tozalash bilan shug‘ullangan.
“Biz ularning jasoratini, insoniyatga xizmat qilishdagi sadoqatini eslaymiz”, deydi Daniel Endres.
Harbiy tahlilchi Asadulla Nadim esa hozirda hokimiyat tepasida turgan “Tolibon” muvaqqat hukumati Afg‘oniston xalqiga yordam tarqatish bilan shug‘ullanuvchilarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qonuniy majburiyatga ega ekanini aytgan.
Qayd etish joizki, Afg‘onistonga insonparvarlik yordami uchun mablag‘ ajratilmay qo‘yganiga qaramay, o‘tgan yili BMT xodimlari Afg‘onistonning 401 tumanidagi 26 milliondan ortiq aholiga gumanitar yordam ko‘rsatgan.
Ayni paytda “Tolibon” vakili Afg‘onistondagi BMT xodimlari o‘ldirilayotgani haqidagi ayblovlarni rad etgan.
“G‘arb institutlari Afg‘onistonni xavfli mintaqa sifatida ko‘rsatishda o‘z targ‘ibotlarini boshlagan va davom ettirmoqda. Bu haqiqat emas; afg‘onlar guvoh bo‘lmoqda, biz ham yordam xodimlari jabr ko‘rmaganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, deydi Zabiulloh Mujohid.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi 2021 yil 15 avgustdan 2023 yil 30 mayga qadar terrorchilik hujumlari va qurol qo‘llash bilan bog‘liq hodisalar oqibatida mamlakatning 639 nafar fuqarosi halok bo‘lgani, 2679 nafari jarohatlangani haqida xabar bergan. O‘tgan yili Afg‘onistonda o‘q-dorilar va minalar portlashi oqibatida 700 dan ortiq bola halok bo‘lgan yoki yaralangan.
LiveBarchasi