“Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgandan buyon qancha tinch aholi o‘ldirildi?

Olam 11544
image

Afg‘onistonda 2021 yil avgust oyi o‘rtalaridan 2022 yil iyun o‘rtalari – mamlakatda “Tolibon” hukmronligi boshlangandan buyon 700 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 1500 ga yaqin tinch aholi esa yaralandi. Bunday ma’lumotlar bugun, 20 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi tomonidan chop etilgan hisobotda keltirilgan. 

Unda qayd etilishicha, ko‘rsatilgan 10 oy davomida, asosan, “Xurosondagi Islomiy davlat” terrorchilik guruhi jangarilarining jamoat joylari, maktablar va diniy markazlarda etnik va diniy ozchiliklarga qarshi uyushtirgan hujumlari oqibatida 700 kishi halok bo‘lgan, 1406 nafar tinch aholi jarohatlangan.  

“Mamlakatda hokimiyat tepasiga kelgan radikal “Tolibon” harakati amalda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash bo‘yicha bir qator qadamlar qo‘ygan bo‘lsa-da, BMT missiyasi ruxsatsiz qamoqqa olish, tinch aholini ushlash, qiynoqlar, haddan tashqari kuch ishlatish va sud qarorisiz qatl qilish bilan bog‘liq qator qonunbuzarliklarni qayd etgan”, deyiladi hujjatda. 

Keltirilishicha, o‘tgan vaqt davomida mamlakatda avvalgi hokimiyat davrida xizmat qilgan sobiq davlat xizmatchilari va xavfsizlik kuchlari vakillari bilan bog‘liq kamida 160 ta sud qarorisiz qatl etish aniqlangan. 

Hisobotda ta’kidlanishicha, afg‘on qizlari ta’lim jarayonidan, ayollar esa jamoat hayotida ishtirok etishdan chetda qolishi, Afg‘onistonni ular mamlakat rivojiga qo‘shishi mumkin bo‘lgan katta hissadan mahrum qiladi. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, mamlakatdagi beqaror vaziyat umumiy iqtisodiy va gumanitar inqirozlar tufayli yanada og‘irlashmoqda.  

“Afg‘oniston aholisining 59 foizi hozirda gumanitar yordamga muhtoj, bu 2021 yil boshidagidan 6 million kishiga ko‘p”, deyiladi hujjatda.  

Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” Afg‘onistonda nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiyani AQSH 2021 yil bahorida o‘z qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketish qarorini e’lon qilganidan so‘ng boshlagan edi. Shu yilning 15 avgustida “Tolibon” jangsiz Qobulga kirib keldi.  6 sentyabr kuni guruh butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilganini, ertasi kuni esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qilgan edi.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 222
Reyting: 3.1
Teglar
t
×