Tokiodagi natija men uchun katta dars bo‘ldi – Mirazizbek Mirzahalilov

Sport

image

Boks bo‘yicha Osiyo va Jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov joriy yilgi dunyo birinchiligi oldidan Olimpiya o‘yinlaridagi hakamlarning qarori, JCHdagi raqiblari, Kuba terma jamoasi va oldindagi rejalari haqida fikr bildirdi.

“Olimpiya o‘yinlaridan keyin xatolarim haqida o‘yladim va ortga qaytgan kunimizdanoq mashg‘ulotlarni boshladim. Muvaffaqqiyatsiz natija men uchun katta dars bo‘ldi va o‘z oldimga Parij Olimpiadasida chempion bo‘lish uchun maqsad qo‘ydim. Bu safargi musobaqa avvalgilari kabi o‘tmadi, chunki malakali referilar ishtirok etmadi. Jahon chempionatida esa hakamlar maxsus test topshiradi va undan o‘ta olsagina janglarda ishlashga ruxsat beriladi. 2019 yil Prezidentimiz bilan ko‘rishganimizda va’da bergandik. O‘g‘il bola uchun aytilgan so‘zning uddasidan chiqmaslik noto‘g‘ri. Sportga kirib kelishdan oldin har bir atlet Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritishni maqsad qiladi”, deydi Mirzahalilov.

Shuningdek, 26 yoshli bokschi Kuba terma jamoasi va JCHdagi raqiblariga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidladi:

“Kubalik bokschilar sparring janglarida, tabiiyki, bor potensialini ko‘rsatgani yo‘q. Lekin ularning tajribasini o‘rganishga harakat qilyapmiz. 2019 yilgi Jahon chempionati finalida Lazaro Alvares (3 karra Jahon chempioni) bilan jang qilib, g‘alaba qozongan edim. Hozir u vaznini o‘zgartirgan. Olimpiada o‘yinlarida 1-bosqichdayoq chiqib ketgan bo‘lsamda, o‘zimga bo‘lgan ishonchim yuqori va ikki karra Jahon chempioni bo‘lish uchun bor kuchimni ishga solaman. Har bitta raqibni o‘rganyapmiz, ularga munosib qarshilik ko‘rsata oladigan darajada mashg‘ulotlar olib boryapmiz. Tayyorgarlik a’lo darajada, xalqimizning ishonchini oqlashga harakat qilamiz”. 

Eslatib o‘tamiz, Kuba boks federatsiyasi (KBF) prezidenti Alberto Puig dunyo birinchiligida O‘zbekiston va Kuba bokschilarining imkoniyati va okeanorti mamlakati boks maktabining strategiyasi haqida fikr bildirgan edi.

Ma’lumot uchun, boks bo‘yicha Jahon chempionati joriy yilning 24 oktyabridan 6 noyabriga qadar Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

AIBA Jahon chempionati Boks Mirazizbek Mirzahalilov

Baholaganlar

8

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing