Tokioda tug‘ilish darajasini oshirish uchun to‘rt kunlik ish haftasi joriy etiladi
Olam
−
06 dekabr 2024
4952Yaponiya poytaxti Tokioda oilaga vaqt ajratish va tug‘ilish darajasini oshirish uchun to‘rt kunlik ish haftasi joriy etiladi. Ushbu yangi tartib 2025 yilning aprel oyidan boshlab amalga oshiriladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi tartib bo‘yicha xodimlar har haftada uch kun dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, boshlang‘ich maktabning birinchi uch sinfida o‘qiyotgan farzandlari bo‘lgan ota-onalarga ma’lum miqdorda maoshdan voz kechish evaziga ishni erta yakunlash imkoni beriladi.
“Biz ish uslublarini qayta ko‘rib chiqamiz va tug‘ilish yoki bolalarni parvarishlash kabi hayotiy voqealar tufayli hech kimning faoliyatidan voz kechishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Tokio xalqi hayoti, yashash sharoitlari va iqtisodiyotini himoya qilish va yaxshilash uchun tashabbusni qo‘lga olish vaqti keldi”, dedi Tokio gubernatori Yuriko Koike.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Yaponiyada 727 277 tug‘ilish qayd etilgan bo‘lib, bir ayolga to‘g‘ri keladigan tug‘ilish darajasi – tug‘ruq davrida dunyoga keltirilgan bolalar soni 1,2 ga tushib ketgan. Xalq sonini barqaror saqlash uchun bu ko‘rsatkich 2,1 bo‘lishi lozim.
Yaponiya hukumati aholi inqirozini bartaraf etish uchun erkaklarning otalik ta’tiliga chiqishini ta’minlash kabi qator chora-tadbirlarini ilgari surmoqda. Mahalliy hukumatlar esa ish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha turli choralarni amalga oshirmoqda.
Ko‘plab sotsiologlar tug‘ilish darajasining pasayishini Yaponiya mehnat madaniyatining talabchanligi va yashash xarajatlarining oshishi bilan bog‘lamoqda. Ish soatlarining ko‘pligi uzoq vaqtdan beri Yaponiya korporativ hayotining muammosi bo‘lib kelgan, bu esa sog‘liq muammolarini keltirib chiqaradi, ayrim hollarda esa haddan tashqari ko‘p ishlash tufayli o‘lim, ya’ni “karoshi” holatiga olib keladi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Yaponiya ayollarining mehnat bozoridagi ishtiroki 55 foizni tashkil etgan, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 72 foiz bo‘lib, bu yuqori daromadli davlatlar orasida katta farq hisoblanadi.
To‘rt kunlik ish haftasiga o‘tish G‘arbda ham tobora ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda. Ba’zi kompaniyalar bu tizimni ish va hayot muvozanatini izlayotgan iste’dodlarni jalb qilish usuli sifatida ko‘rib chiqmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu ishchilarning farovonligini va samaradorligini oshiradi.
Biroq Yaponiya kompaniyalari orasida mazkur g‘oya hanuzgacha radikal o‘zgarish sifatida qaralmoqda, chunki ular ko‘pincha ishlashga sarflangan vaqtni kompaniyaga sadoqat bilan bog‘laydi.
Tokio oilaga qulay siyosatlarni amalga oshirayotgan yagona Osiyo shahri emas. Singapur ham joriy yil barcha kompaniyalarni xodimlarning moslashuvchan ishlash tartibiga oid talablarini ko‘rib chiqishga majbur qiluvchi yangi ko‘rsatmalarni joriy etgan. Bu to‘rt kunlik ish haftasi yoki moslashuvchan ish soatlarini o‘z ichiga olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada 2024 yilning birinchi yarmida tug‘ilish rekord darajaga tushib, 350 ming bolani tashkil etgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar