Tokioda jinoyat sodir etishda gumonlangan o‘zbekistonliklar qo‘lga olindi (video)

3-sahifa

image

Yaponiya poytaxti Tokioning Shibuya va Shinjuku tumanlarida sodir etilgan bir nechta jinoyatlarda gumon qilingan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi Tokio politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda “Tokyo reorter” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, 2023 yil 30 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 5:30 da 21 yoshli H.D. va uning sheriklari Shibuya tumanining Maruyamacho hududidagi ko‘chada 3 nafar chet ellikdan iborat guruhga hujum qilgan. H.D. 21 yoshli erkakning yuziga tepganidan so‘ng sheriklari bilan jami 210 ming iyena qiymatidagi hamyon va sumkalarini o‘g‘irlagan.

Nashrning yozishicha, jabrlanuvchiga tan jarohati yetkazgan holda talonchilik sodir etganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan H.D. tergovga advokati kelmaguncha gapirmasligini aytmoqda. Boshqa 4 gumondor esa ayblovlarni rad etmoqda.

5 gumondordan to‘rt nafari, jumladan H.D. ham Yaponiyada noqonuniy yashab kelayotgani aniqlangan. Gumondorlar voqea sodir bo‘lishidan oldin nishonga olingan guruhdagi ayol a’zo bilan tanishishga uringan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, H.D. va uning sheriklari o‘tgan yilning avgust oyidan beri Shibuya va Shinjuku kabi gavjum hududlarning ko‘chalarida uxlayotgan odamlarning cho‘ntaklariga “qo‘l solish” kabi boshqa jinoyatlarni ham sodir etgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, ular o‘g‘irlangan kredit kartalari orqali iPhone telefonlarini sotib olib, ularni qayta sotish orqali qariyb 8 million iyena foyda ko‘rganlikda ham gumon qilinmoqda.

 

Politsiyaning aytishicha, bu guruhga H.D. rahbarlik qilgan va jinoyatlar qachon va qayerda sodir etilishini Telegram orqali boshqalarga bildirgan. Holat bo‘yicha boshqa tafsilotlar ma’lum emas. Tergov jarayonlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-York shahrida yashab kelgan 21 yoshli O‘zbekiston fuqarosi U.D.ga federal agentlar tomonidan bir nechta og‘ir jinsiy jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilib, hibsga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tokio Shibuya Shinjuku

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing