Endi xodimlarini issiqdan himoyalamagan kompaniyalar jazolanadi. Yaponiyada!
Olam
−
02 iyun 2295 2 daqiqa
Joriy yilning 1 iyunidan Yaponiyada kuchga kirgan yangi qoidalar korxonalardan ishchilarni haddan tashqari issiqlikdan himoya qilish choralarini ko‘rishni talab qiladi. Bu haqda NHK World Japan xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yilgi jazirama yoz ishchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatganidan so‘ng, Yaponiya hukumati mehnat xavfsizligi bo‘yicha qonunchilikni kuchaytirgan. Yaponiyada 1 iyundan kuchga kirgan yangi qoidalar korxonalardan ishchilarni haddan tashqari issiqlikdan himoya qilish choralarini ko‘rishni talab qiladi. Ushbu talabga amal qilmagan korxonalar 500 ming iyena (taxminan 45 mln so‘m) jarima to‘lashlari mumkin.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili yuqori harorat bilan bog‘liq holatlar tufayli 30 kishi vafot etgan, taxminan 1200 kishi jarohat olgan. Jabrlanganlarning aksariyati qurilish va ishlab chiqarish sohalarida ishlagan.
Hukumat bu choralarni o‘tgan yil yozida qayd etilgan rekord darajadagi iyul haroratidan keyin tatbiq etishga qaror qilgan. Bu yangi qonun o‘ziga xos jihatdan global miqyosda ish joyida issiqlik xavfsizligini qonuniy tartibga solayotgan kam sonli milliy siyosatlardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, issiq urishi inson tana haroratining xavfli darajada ko‘tarilishi oqibatida yuzaga keladigan, tezda davolanmasa, hayot uchun xavfli bo‘lgan holatdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning o‘tgan yilgi hisobotiga ko‘ra, 2000-2019 yillar oralig‘ida har yili deyarli yarim million odam issiqlik bilan bog‘liq sabablardan vafot etgan.
Yuqori haroratlar nafaqat sog‘liq uchun xavf tug‘diradi, balki ishchilarning unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislar issiq to‘lqinlar iqtisodiyotlarga tobora ortib borayotgan zarar yetkazayotganidan xavotir bildirishmoqda. Jahon Meteorologiya Tashkilotiga ko‘ra, 2024 yilda global o‘rtacha harorat ilk bor sanoatdan oldingi davrga nisbatan 1,5°C darajadan oshgan va kelgusi 5 yillikda yangi rekordlar qayd etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yoz oylarida Yaponiya poytaxti Tokio shahri aholisiga suv uchun olinadigan asosiy kommunal to‘lovlar bekor qilingani ma’lum qilingandi. Buning uchun mahalliy hokimlik tomonidan 36 milliard iyena (taxminan 250 million dollar) ajratilgan va bu 4 oy davomida amal qiladi.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi