Kurs UZS

USD

12 964.43

-30.16

EUR

14 744.45

-17.4

RUB

158.28

0.6

Toshkentdagi Rossiya universitetida Ukrainaga bosqin targ‘iboti olib borilyaptimi?

Tahlil

Toshkentdagi Rossiya universitetlaridan birida Ukrainaga bosqin boshlangandan to bugungacha vaqti-vaqti bilan shovinistik ruhdagi targ‘ibotlar olib borilmoqda. Bu haqda “Meduza” nashriga o‘zini Muhidjon deb tanishtirgan Gubkin universiteti filialining talabasi murojaat yo‘llagan. 

O‘zbekistonda 2007 yilda tashkil qilingan Gubkin nomidagi Rossiya davlat universitetining Toshkentdagi filiali talabasi “Meduza” nashriga Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangandan buyon universitetdagi ma’ruzalarda bu harakatni qo‘llab-quvvatlash mazmunidagi fikrlar ilgari surilganini yozgan. Unga ko‘ra, keksa bir shaxs tomonidan har hafta o‘tkaziladigan ma’ruzalarda Rossiya Federatsiyasi qo‘shini Ukrainada amalga oshirayotgan harakatlari maqtaladi. Shuningdek, universitetda doimiy tarzda Lenin merosi va “Buyuk rus shovinizmi” haqida ijobiy fikrlar yangraydi. Dastlab, talaba buni shunchaki mubolag‘a deb o‘ylaydi, ammo vaqt o‘tib mazkur targ‘ibot jiddiy ekanini tushunib yetadi.

“Rostini aytsam, urush boshlanganda men juda qo‘rqib ketdim. Ular doim Lenin va “Buyuk rus shovinizmi” haqida gapirardi, men buni mubolag‘a deb o‘yladim, lekin hozir bu haqiqat ekanini tushundim. Biz, O‘zbekiston fuqarolarining yosh avlodi ham urushdan aziyat chekdik. Endi har hafta universitetda bizda ma’ruzalar bo‘lib, unda keksa odam o‘zi va Rossiya Federatsiyasining jasur qo‘shinlari haqida gapirib beradi. Diniy ishlar bo‘yicha markaz xodimining

“Qadimgi pravoslav rus madaniyatining tashuvchisi sifatida men Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlari shaytonchilarga qarshi kurashayotganini ta’kidlayman” degan iqtibosi hali ham esimda. Bu bema’nilik, bu bema’nilik. Biz, mustaqil O‘zbekiston yoshlarining Ukrainadagi urushga qanday aloqasi bor?” deydi Muhidjon. 

U o‘z oilasi Ukraina haqida eng iliq xotiralarga ega ekani, bobosi va buvisining yoshligi Yalta va Odessada o‘tganini ham qo‘shimcha qilgan. Uning aytishicha, buvisi Ukrainadagi jang manzaralari aks etgan videoni ko‘rganda yig‘lab yuborgan.

Shuningdek, Muhidjon bu bosqinchilik harakatida Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlashi, sog‘lom aqlli odam har doim zo‘ravonlikka qarshi turishi lozimligini ta’kidlab, Ukrainadagi voqealarni jinoiy va axloqsiz urush deb atagan.

“Men Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlayman, do‘stlarim Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi. Biz barchamiz bu jinoiy, axloqsiz urushga qarshimiz. Sog‘lom aqlli odamlar har doim urush va zo‘ravonlikka qarshi”, deydi talaba.

“Meduza” nashriga bu murojaatni yo‘llagan Muhidjon ismli talaba Ukraina o‘z erkinligi va mustaqilligini himoya qilishiga chin dildan ishonishi, ammo agar Ukraina mag‘lubiyatga uchrasa, vaqti kelib, qolganlar ham qo‘liga qurol olgancha o‘z mamlakati ozodligi va mustaqilligini himoya qilishga majbur bo‘lishini ta’kidlagan.

“Bizda hech qanday illyuziya yo‘q, biz yaxshi bilamizki, agar Ukraina mag‘lubiyatga uchrasa, biz qo‘limizda qurol bilan ozodlik va mustaqillikni himoya qilishga majbur bo‘lamiz”, deb yozgan Gubkin universitetining Toshkentdagi filiali talabasi. 

Ma’lumot o‘rnida, Ivan Mixaylovich Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2007 yil 12 yanvardagi “Respublikaning neft-gaz va neft-kimyo sanoati uchun oliy ma’lumotli yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish hamda oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra tashkil etilgan. Filial bitiruvchilariga beriladigan I. M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetini tamomlaganlik to‘g‘risidagi belgilangan namunadagi diplom O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi. 

QALAMPIR.UZ mazkur xabar yuzasidan munosabat olish maqsadida Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali Ijrochi direktorining maslahatchisi, talabalar o‘rtasida ijtimoiy va ma’naviy muhit uchun mas’ul bo‘lgan Vladimir Ivanovich Fedulayev  bilan bog‘landi. U ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat tez fursatlarda e’lon qilinishini bildirdi. Biroq mas’ul xodim bu bosqin targ‘iboti haqida tarmoqlarda tarqalgan xabarga shaxsan izoh bermadi.

Biroz o‘tib, filial mas’uli aytgan o‘sha rasmiy munosabat ham chiqdi. Unga ko‘ra, murojaatda ismi qayd etilgan shaxs talabalar safida mavjud emas.

“Murojaatda nomi tilga olingan shaxs Filial talabalari tarkibida mavjud emasligi aniqlandi. Shuningdek, murojaatda keltirilgan dars jarayonlaridagi “targ‘ibot ishlari” haqidagi ma’lumotlar asossiz ekanligi, ya’ni ular haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi. Filialda ta’lim jarayoni belgilangan o‘quv rejasi va fanlar dasturi asosida tashkil etilgan”, filial matbuot xizmatining bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Rossiya Ukraina Gubkin nomidagi Rossiya davlat universiteti shovinistik ruhdagi targ'ibot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing