Tog‘li Qorabog‘ mavhumlik tomon qadam tashlamoqdami?

Tahlil

image

Sekin boshlanib uzoq davom etayotgan urush... Ozarbayjonlar va armanlar o‘rtasida uzoq tarixiy va madaniy ildizlarga ega bo‘lgan bu ziddiyat SSSRdagi qayta qurish yillarida milliy harakatlarning keskin tus olishi fonida yangi bosqichga ko‘tarildi. 1988 yil oxiriga kelib, har ikkala respublika aholisining katta qismini ushbu mojaro o‘z domiga tortdi va bu Tog‘li Qorabog‘ning mahalliy muammosini “ochiq millatlararo qarama-qarshilikka” aylantirdi.

1992 yil 30 yanvarda SSSR qulashi bilan mustaqillikni qo‘lga kiritgan Armaniston va Ozarbayjon Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha kengashga(hozirgi YeXHT – tahr.) qo‘shildi, bu esa ushbu xalqaro tashkilotga Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroni hal qilishdagi tinch yo‘llarni izlash bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratdi.

Shu maqsad o‘laroq 1992 yilda YeXHT doirasida Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlashga qaratilgan Minsk guruhi tashkil etildi. AQSH, Rossiya va Fransiya bu guruhning hamraislari hisoblanadi. Minsk guruhi sa’y-harakatlari natijasida 1994 yilga kelib diplomatiya bu urushni bir muddatga muzlatib qo‘yishga erishgan edi.

“Mumiyolangan” urush qayta tirildi

Biroq Qorabog‘dagi harbiy harakatlar 2020 yilning 27 cyentyabridan qaytadan avj oldi. Qarsak ikki qo‘ldan chiqadi deganlaridek, joriy holatning vujudga kelishida ikkala tomonning ham yetarlicha aybi bor. Rasmiy Baku va Yerevan bir-birini harbiy harakatlarni boshlash, aholi punktlarini o‘qqa tutishda ayblab kelmoqda. Axborot asrida urush ishtirokchilarining bir-birini ayblashi tabiiy, lekin insonlar jabr ko‘rmoqda, shunisi achinarli.

Qaytadan boshlangan urushdan sergak tortgan Minsk guruhi yana faollashdi

Minsk guruhi doirasidagi birinchi sulh bitimi Putin tashabbusi bilan joriy yilning 10 oktyabr kuni Moskvada Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari ishtirokida tuzildi. Uchrashuv natijasiga ko‘ra ikki taraf 10 oktyabrdan o‘q uzishni to‘xtatishga kelishib olishdi. Afsuski, bu foyda bermadi va taraflar darhol bir-birini bitim shartlarini buzishda ayblashni boshladi. 2020 yilning 18 oktyabrdan kuchga kirishi kerak bo‘lgan ikkinchi urunish ham tinchlik foydasiga ishlamadi.

Navbat uchinchi bitimga. Bu safar AQSH omadini sinab ko‘rdi. Vashingtonda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida o‘q uzishni to‘xtatishga qaratilgan uchinchi sulh imzolandi. Mamlakatining muvaffaqiyatli urinishidan ruhlangan Oq uy vakili Robert O’Brayn (AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi) o‘zining Twitter sahifasida shunday post qoldirdi: “Hayotlar saqlab qolinadi”. Afsuski, qurol yana g‘alaba qildi va Vashington tashabbusi ham avvalgi ikkisi kabi mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Mojaro markaziga BMT chiqmoqchi. Bu yechimmi yo mavhumlik...

YeXHTning Minsk guruhi 1992 yilda bu mojaroni hal qilishga kirishganiga qaramasdan haligacha arzigulik natijaga erisholmagani sababli yechim sifatida BMTning tinchlikni o‘rnatish bo‘yicha operatsiyasi ko‘p eslanyapti. Baku ham Yerevan ham Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroni hal qilishda BMTning tinchlikni o‘rnatish operatsiyasi o‘tkazilishiga qarshimasligini ta’kidlab ulgurgan. BMTning Tog‘li Qorabog‘da bu operatsiyani boshlashi ham oson jarayon emas, buning uchun Xavfsizlik kengashining mandati kerak bo‘ladi.

Mandat ham tuzildi deylik keyinchi-keyin bundan biror foyda chiqadimi yoki YeXHTning Minsk guruxi kabi tanazzulga yuz tutadimi?

Bunday istehzoli savol paydo bo‘lishini izohlash uchun BMT tarixida o‘tkazilgan tinchlikni o‘rnatish operatsiyalari taqdiriga nazar solsak.

Isroil va Falastin. Arab-Isroil mojarosining o‘zagi hisoblangan Isroil va Falastin o‘rtasidagi hududiy muammoni hal qilishga qaratilgan BMTning tinchlikni o‘rnatish operatsiyasi 1948 yilda boshlangan va bugungi kungacha davom etib kelmoqda.

Livan. 1978 yilda Isroil “Litani” harbiy operatsiyasi natijasida Livanning janubiy hududlarini egallab olgan edi va shu sababli 1978 yilda BMT Livanda tinchlikni o‘rnatish operatsiyasini boshlagan va hanuzgacha davom etib kelmoqda.

Hindiston va Pokiston. Bu ikki davlat 1947 yilda mustaqillikni qo‘lga kiritgandan buyon o‘zaro tinimsiz ziddiyatlar davom etib kelyapti va vaziyatga BMTning tinchlikni o‘rnatish operatsiyasi aralashuviga qaramasdan bu mojaro ham hozirgacha dolzarb.

Bunday misollar yetarlicha va undan jabr ko‘rayotganlar ham undan kam emas. Demak, BMT operatsiyasiga ham katta umid bilan qarab bo‘lmaydi.

Aftidan, bunday vaziyatda rasmiy Baku va Yerevan haqiqatan tinchlik o‘rnatishni xohlashi kerak. Negaki, keyingi sulhlar shuni ko‘rsatdiki, ikki davlat tinchlikka kelishmasidan turib, qarama-qarshilik chizig‘ida o‘t ochilyapti. Bu ular shunchaki xalqaro hamjamiyat oldida tinchlikka intilayotgandek ko‘rinish uchun sulh tuzdi degan xulosa chiqaradi.

Xatto ularni tinchlikka undayotgan davlatlar ham buni shunchaki majburiyat bo‘lgani uchun qilayotgandek. Qorabog‘dagi vaziyatni kuzatib boruvchi ekspertlarning taxminiga ko‘ra, Rossiya Baku va Yerevanni tinchlikka ham chaqiryapti, zarurat tug‘ilganda ularni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni ham kanda qilmayapti.

Eskitdan ma’lumki, qozi mojaroga borgan ikki tomondan ham “sovg‘a” olib qo‘ygan bo‘lsa, u masalani yecha olmaydi. Bunday vaziyatda qozini o‘zgartirish kerak. Balki Tog‘li Qorabog‘ mojarosida ham hakamlarni o‘zgartirish kerakdir...

Farruxjon Murodqulov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Minsk BMT SSSR

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing